12:25 / 29.05.2018
3 910

Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi institutga test sinovi qanday tashkil etiladi?

Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi institutga test sinovi qanday tashkil etiladi?
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga o‘qishga qabul qilishda test sinovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi Davlat test markazi buyrug‘i normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga o‘qishga qabul qilishda test sinovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, test sinovi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi.

Institut Davlat test markazi bilan kelishgan holda kirish sinovlariga ruxsat berilgan kundan boshlab, yigirma kun mobaynida test sinovini o‘tkazish uchun shartnoma tuzadi, test sinovi o‘tkaziladigan kunni belgilaydi.

Test sinovi natijalari test o‘tkazilgan kundan so‘ng uch kun mobaynida e’lon qilinadi.

Qabul jarayonini yuqori darajada uyushqoqlik bilan, tartibli ravishda tashkil etish, test jarayonining xolisona va adolatli o‘tishini ta’minlash, nomzodlarga ularning test sinovi jarayonidagi vazifalari, huquq va majburiyatlarini tushuntirish, test sinovini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha zarur sharoitlarni yaratish hamda test sinovi natijalari bo‘yicha abituriyentlarga to‘liq ma’lumotlar berish Institut tomonidan tashkil etilgan Qabul komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi.

Test sinovi jarayonini videotasvirga tushirish ishlarini tashkil etadi. Test sinovi tugaganidan keyin videotasvirlar bosh shtabda Davlat test markazi mas’ul xodimiga topshiriladi.

Qabul komissiyasi test sinovi belgilangan kundan kamida 15 kun oldin mazkur abituriyentlarning umumiy ro‘yxatini, shuningdek test sinovi o‘tkaziladigan binolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek, O‘zbekiston tarixi, iqtisodiyot nazariyasi va huquqshunoslik fanlaridan o‘quv dasturlarni va test sinovi topshiriqlarini Davlat test markaziga taqdim etadi.

Test sinovi o‘tkaziladigan binolarni test sinoviga tayyorlash bo‘yicha javobgarlik qabul komissiyasi zimmasiga yuklatiladi. Test sinovlari Institut binosida yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkaziladi.

Test sinovi o‘tkaziladigan binolar hududiy joylashuvi bo‘yicha test materiallarini o‘z vaqtida va xavfsizligi ta’minlangan holda yetkazish hamda Davlat test markazi mas’ul xodimining test sinovi jarayonida nazorat qila olishi uchun bir-biriga yaqin bo‘lishi kerak.

Har bir binoda abituriyentlarni tartibli va o‘z vaqtida kiritish uchun kirish eshigida nazorat xizmati postlari tashkil etilgan bo‘lishi shart.

Har bir binoda test materiallarini tarqatish va yig‘ib olish uchun mo‘ljallangan maxsus xona (shtab) tayyorlanadi va Davlat test markazining vakillari hamda auditoriya rahbar va kuzatuvchilari uchun yetarli miqdorda stol-stullar, statsionar telefon aloqasi va hujjatlarni test jarayonida saqlash uchun seyf bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.

Auditoriyalar alohida o‘tirish o‘rniga ega bo‘lgan 30 tadan stol-stullar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.

Har bir auditoriya (guruh) soat, bo‘r, yozuv taxtasi (doska), yelim, ichimlik suvi hamda abituriyentlar, auditoriya rahbari va kuzatuvchilari soniga teng miqdorda havorang pastali sharikli ruchkalar bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.

Test o‘tkaziladigan auditoriyalar sifatida oshxona, yo‘lak (koridor) va shunga o‘xshagan xonalardan foydalanish taqiqlanadi.

Test sinovlari boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkazilganda:

- binoda bir nafar abituriyentga qoida tariqasida, 2 m2 dan kam bo‘lmagan joy tayyorlanishi;

- har bir guruh alohida o‘tirish o‘rniga ega bo‘lgan 30 tadan stol va stul bilan ta’minlanib, stollar birdan o‘ttizgacha raqamlanishi;

- auditoriya rahbar va kuzatuvchisi (guruh nazoratchisi) uchun test materiallarini tarqatish va qabul qilishga alohida stol va stul ajratilishi;

- binoga tegishli hududda va binoga kirish joylarida guruh va abituriyentlar soni yozilgan ko‘rsatkichlar ilib qo‘yilgan bo‘lishi shart.

Davlat test markazi test sinovini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq quyidagi vazifalarni bajaradi:

qabul komissiyasidan test sinovi boshlanishidan kamida 15 kun oldin O‘zbekiston tarixi, iqtisodiyot nazariyasi va huquqshunoslik fanlaridan test sinovi topshiriqlarini qabul qilib oladi va ekspertizadan o‘tkazishni tashkillashtiradi;

test materiallarini abituriyentlar soniga mos ravishda tayyorlanishini ta’minlaydi;

mazkur abituriyentlarning auditoriyalar bo‘yicha ro‘yxatini shakllantiradi;

test materiallarini test sinovi o‘tkaziladigan kuni test sinovi o‘tkaziladigan binoga yetkazilishini ta’minlaydi;

Davlat test markazi vakillari, auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarining o‘z xizmat vazifalarini vakolati doirasida aniq bilishi va o‘z vaqtida test sinovi o‘tkaziladigan binoga yetib kelishini ta’minlaydi;

bajarilgan test topshiriqlarini tekshiradi va natijasini chiqaradi.

Test sinovini o‘tkazish uchun Davlat test markazi vakillari Davlat test markazi xodimlari yoki manfaatdor vazirliklar va idoralar tavsiya etgan oliy ta’lim vazirligi va xalq ta’limi vazirligi tizimidagi muassasalari xodimlaridan tanlab olinadi.

Davlat test markazi vakillarini taqsimlash Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat test markazi vakillari o‘ziga biriktirilgan bino, qavat va auditoriyalarda test o‘tkazish tartiblariga qat’iy rioya qilinishiga javobgar shaxs hisoblanadi.

Davlat test markazi vakillari test sinovi boshlanishidan 2 soat avval o‘ziga tegishli binoga yetib keladi va bino hududiga nazorat xizmati postlari orqali ro‘yxat asosida pasporti bilan kiradi.

Bino bo‘yicha vakil test sinovi o‘tkaziladigan kuni quyidagi vazifalarni bajaradi:

shtabda Davlat test markazi mas’ul xodimidan qavat vakillari,auditoriya rahbar va kuzatuvchilari ro‘yxatlarini, ularning ruxsatnomalarini hamda test materiallari qutisini qabul qilib oladi;

qavat vakillariga, auditoriya rahbar va kuzatuvchilariga ularning ruxsatnomalarini tarqatadi, kelmagan qavat vakillari, auditoriya rahbar va kuzatuvchilari o‘rniga zaxiradagi shaxslarni tayinlaydi;

qavat vakillari bilan birgalikda abituriyentlarning auditoriyalar bo‘yicha ro‘yxati va test materiallari qutisini auditoriya rahbarlariga topshiradi;

abituriyentning test materialida tipografik nuqson borligi haqidagi murojaati yuzasidan, zudlik bilan test materiallari zaxira qutidan mutaxassislik va tiliga mos test materiallarini qavat vakiliga beradi;

abituriyentlarning test topshirishini nazorat qilib boradi va test jarayonida muammo paydo bo‘lganda, zudlik bilan Davlat test markazi mas’ul xodimi bilan bog‘lanadi, muammoni hal qilish choralarini ko‘radi;

O‘ziga yuklatilgan vazifalarni suiiste’mol qilgan, shu jumladan auditoriyaga begona shaxslarning kirishiga yo‘l qo‘ygan, abituriyentga taqiqlangan vositalardan foydalanish uchun sharoit yaratib bergan va shu kabi boshqa holatlarni sodir etgan auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarini vazifasidan chetlashtiradi va chetlashtirilgan auditoriya rahbari va kuzatuvchilar o‘rniga zaxiradan tayinlaydi;

auditoriyalarda test sinovini o‘tkazish tartibini buzgan abituriyentlarning testdan chetlashtirilishini va bu haqida dalolatnomalar tuzilishini nazorat qiladi;

test sinovining tugash jarayonini nazorat qiladi;

auditoriya rahbarlaridan test materiallari qutilarini muhrlangan holda qabul qilib oladi;

qavat vakillari ishtirokida test materiallari qutilarini Davlat test markazi mas’ul xodimiga topshiradi.

Qavat vakillari test sinovi o‘tkaziladigan kuni quyidagi vazifalarni bajaradi:

auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarini shtabga boshlab keladi va bino rahbari tomonidan ularga ruxsatnomalar tarqatilishida ishtirok etadi hamda ularni belgilangan auditoriyalarga olib boradi;

test o‘tkazilayotgan auditoriyada abituriyent tomonidan test o‘tkazish tartibining buzilishini aniqlaganda, auditoriya rahbaridan ushbu holat bo‘yicha test sinovidan chetlashtirish to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirilishini talab qiladi;

test sinovi qoidalarini buzgan abituriyentlar bo‘yicha o‘ziga tegishli auditoriya rahbarlari tomonidan tuzilgan dalolatnomalarni tasdiqlab, imzo qo‘yadi;

o‘ziga tegishli qavatda auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarining faoliyatini nazorat qiladi. O‘ziga yuklatilgan vazifalarni suiiste’mol qilgan, shu jumladan auditoriyaga begona shaxslarning kirishiga yo‘l qo‘ygan, abituriyentga taqiqlangan vositalardan foydalanish uchun sharoit yaratib bergan va shu kabi boshqa holatlarni sodir etgan auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarini vazifasidan chetlashtiradi va bu haqida bino bo‘yicha vakilga ma’lum qiladi;

auditoriya rahbari abituriyentning test materialida tipografik nuqson borligi haqida murojaat qilganda, murojaatning asosli ekanligini tekshirib ko‘rib zudlik bilan bino bo‘yicha vakilga murojaat qiladi hamda test materiallari zaxirasidan mutaxassislik va tiliga mos test materiallarini keltirib beradi;

test sinovi tugagach, o‘ziga tegishli guruhlarning auditoriya rahbarlarini auditoriyada muhrlangan test materiallari qutilari bilan birga shtabga boshlab boradi va topshirish jarayonini nazorat qiladi.

Abituriyentlar test sinovi o‘tkaziladigan binoga pasporti bilan videokuzatuv orqali tartibli ravishda kiritiladi.

Abituriyentlar uchta fan majmualari bo‘yicha test sinovini topshiradi.

Test sinovi O‘zbekiston tarixi, iqtisodiyot nazariyasi va huquqshunoslik fanlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Test sinovi jarayonida Institut bilan kelishilgan holda yopiq yoki ochiq turdagi testlardan foydalanish mumkin.

Yopiq turdagi test topshirig‘ida to‘rtta javob varianti bo‘lib, ulardan faqat bittasi mutlaq to‘g‘ri bo‘ladi.

Ochiq turdagi test topshirig‘ida hech qanday javoblar variantlari berilmaydi. Abituriyent test topshirig‘i mazmunidan kelib chiqib, ko‘rsatilgan maxsus kataklarga javob variantini yozadi.

Qabul komissiyasi tomonidan abituriyentlarga test sinovi o‘tkaziladigan kuni va boshlanish vaqti yetkaziladi.

Abituriyentlar test sinovi o‘tkaziladigan kuni bino hududiga faqat pasporti bilan kiritiladi. Auditoriyada test sinovi boshlangandan so‘ng, kechikib kelgan abituriyent binoga kiritilmaydi.

Auditoriyada test sinovi boshlanish vaqti e’lon qilingunga qadar abituriyentlar javoblar varaqasi raqami bilan test topshiriqlari kitobi raqamining bir-biriga mosligini va test topshiriqlari kitobida fanlar bo‘yicha test topshiriqlarida tipografik xato yoki boshqa nuqsonlar yo‘qligini tekshiradi. Agar test topshiriqlarida nuqson bo‘lsa darhol bu haqida auditoriya rahbariga xabar berishi shart.

Abituriyent test sinovi boshlanish vaqti e’lon qilingunga qadar javoblar varaqasini to‘g‘ri to‘ldirish tartibi bilan tanishadi, test topshiriqlari kitobi va javoblar varaqasining tegishli joyiga o‘zlari to‘g‘risida ma’lumotlarni yozadi.

Test boshlangandan keyin hech kim auditoriyaga kiritilmaydi va test topshiriqlari bo‘yicha abituriyentlar bilan savol-javob qilinmaydi.

Belgilangan vaqtda test sinoviga kelmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha test sinovi o‘tkazilmaydi.

Test topshiriqlari kitobida jami 60 ta, har bir fandan 20 tadan (yopiq, ochiq tipdagi) test topshiriqlari bo‘ladi.

Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 60 ta test topshirig‘iga 105 daqiqa vaqt beriladi.

Har bir yopiq turdagi test topshirig‘iga 4 tadan («A», «V», «S», «D») muqobil javoblar beriladi.

Abituriyent tomonidan har bir test topshirig‘iga faqat bitta javob belgilanishi shart bo‘lib, test topshiriqlari kitobida to‘g‘ri deb hisoblagan javoblarni javoblar varaqasidagi mos tartib raqamli doirachadan bittasini bo‘yaydi (javoblar varaqasida belgilangan javoblarni o‘zgartirish mumkin emas).

Agar javoblar varaqasidagi «Belgilash uchun namuna» qoidasiga rioya etilmasa, jumladan bitta test topshirig‘iga javoblar varaqasida tegishli doiracha bo‘yalmasa yoki ikki va undan ortiq doiracha bo‘yalsa yoxud to‘liq bo‘yalmasa ushbu javobga ball berilmaydi.

Har bir ochiq turdagi test topshirig‘iga maxsus kataklar ajratiladi.

Abituriyent har bir test topshirig‘i mazmunidan kelib chiqib, avval test topshiriqlari kitobida so‘ngra javoblar varaqasida ko‘rsatilgan maxsus kataklarga javoblar variantini (so‘z, jumla, gap, raqamlar va boshqalarni) yozadi (javoblar varaqasida yozilgan javoblarni o‘zgartirish mumkin emas).

Ochiq tipdagi test topshiriqlari uchun javoblar varaqasi Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqiladi.

To‘ldirilgan javoblar varaqasi abituriyentning bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.

Har bir test topshiriqning to‘g‘ri javobi uchun 1,5 ball belgilanadi.

Javoblar varaqasi abituriyent tomonidan havo rang pastali sharikli ruchka bilan to‘ldiriladi.

Javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun abituriyent shaxsan javobgardir. Javoblar varaqasidagi tegishli doirachalarni noto‘g‘ri belgilagan (so‘z, jumla, gap, raqamlar va boshqalarni) abituriyentlarning e’tirozi apellyatsiya jarayonida ko‘rib chiqilmaydi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan binoga kirishda abituriyent mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan bo‘lsa, test sinovlari davomida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki yordam bersa, test sinovi uchun ajratilgan vaqt tugaganidan keyin test materiallarini topshirishdan bosh tortsa, test materiallarini auditoriyadan tashqariga chiqarsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yoki javoblar varaqasini yirtsa abituriyent test sinovlarini o‘tkazish tartibini buzgan hisoblanadi va Davlat test markazi vakili yoki auditoriya rahbari va kuzatuvchilari tomonidan dalolatnoma tuzilib, abituriyent test jarayonidan chetlashtiriladi.

Test sinovini topshirish vaqtida abituriyentning sababsiz auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etuvchi holatlarda test materiallarisiz kuzatuv ostida auditoriyadan chiqish hollari bundan mustasno.

Test sinovini o‘tkazish jarayoni yuzasidan e’tirozlari mavjud bo‘lganda, abituriyent test sinovi o‘tkazilgan kunning o‘zida qabul komissiyasi orqali Davlat test markaziga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Qabul komissiyasi tomonidan abituriyentlar arizasi Davlat test markaziga belgilangan muddatdan kechikib yetkazilsa e’tirozlar ko‘rib chiqilmaydi.

Test sinovi natijasidan norozi bo‘lgan abituriyent belgilangan tartibda Institutda tashkil etiladigan apellyatsiya komissiyasiga yozma tartibda shikoyat berish huquqiga ega.

Institut shikoyat yozgan abituriyentning test materiallarini (test sinovida tushgan test topshiriqlari kitobi, javoblar varaqasining nusxasi va test sinovida yo‘l qo‘ygan noto‘g‘ri javoblari ro‘yxatini) Davlat test markazidan oladi.

Shikoyat bergan abituriyent apellyatsiya komissiyasi tomonidan belgilangan kunda o‘zining pasporti bilan kelishi shart.

Abituriyentning shikoyatini ko‘rib chiqish jarayonida shikoyat beruvchiga unga testda tushgan test topshiriqlari kitobi,javoblar varaqasining nusxasi va test sinovida yo‘l qo‘ygan noto‘g‘ri javoblari ro‘yxati birgalikda beriladi.

Abituriyent o‘zining e’tirozlarini yozib, o‘ziga berilgan test materiallari bilan birga Apellyatsiya komissiyasiga topshiradi.

Apellyatsiya komissiyasi 3 kun muddatda abituriyent e’tirozini ko‘rib chiqadi va natijasi bo‘yicha qaror qabul qiladi.

Apellyatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror to‘g‘risida Davlat test markazi va abituriyentga yozma ravishda ma’lum qilinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi institutga test sinovi qanday tashkil etiladi?