
Superliga 27-turidan o‘rin olgan «Navbahor» – «Nasaf» bahsini Namangandan kelib tomosha qilgan muxlislar orasida alamli voqea ro‘y berdi. Ularni ortga qaytirayotgan avtomobil yo‘l-transport hodisasiga uchradi, deb xabar berdi Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 31-oktyabr kuni soat 08:30 larda Urgut tumani Qoratepa mahallasi yaqinida, M–39 yo‘lining 1113-chaqirig‘ida sodir bo‘lgan. «Kia Sonet» avtomashinasi haydovchisi Samarqand–Qarshi yo‘nalishida harakatlanib borayotgan payt charchoq sababli uyqu holatiga tushib, rulni nazoratdan chiqargan. Natijada transport vositasi yo‘l chetidagi tuproq uyumiga urilib, ag‘darilib ketgan.
Hodisa oqibatida «Nasaf» fan-klubining 53 yoshli faol a’zosi Mahmud Muhammadiyev shifoxonada olgan jarohatlardan vafot etgan. Haydovchi va yana bir yo‘lovchi Urgut tuman markaziy shifoxonasiga yetkazilgan. Hozirda Urgut tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi ochilib, voqeaning barcha holatlari o‘rganilmoqda.
Huquq-tartibot organlari haydovchilarga murojaat qilib, charchoq yoki uyqusiz holda rulga o‘tirmaslikni, uzoq masofaga chiqishdan oldin tanaffus qilish va sog‘lom holda yo‘lga chiqish zarurligini eslatdi. Yo‘ldagi har bir diqqatsizlik hayotga ziyon yetkazishi mumkinligi ta’kidlandi.

«Nasaf» futbol klubi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi marhum muxlisning oilasiga chuqur hamdardlik bildirdi. Shuningdek, tashkilotlar Superliga 27-turining qolgan barcha bahslari Mahmud Muhammadiyev xotirasiga bag‘ishlanib, 1 daqiqalik sukut bilan boshlanishini ma’lum qildi.
Futbol nafaqat o‘yin, balki yuzlab qalblarni birlashtiruvchi tuyg‘u ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Ammo muxlislar salomatligi va xavfsizligi har narsadan ustun bo‘lishi kerak. Har bir safar, har bir stadionga yo‘lga chiqishda ehtiyot bo‘lish — hayotni asrashning eng sodda, ammo eng muhim yo‘lidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 