
O‘zbekistonning qadimiy va mahalliy ekinlarga oid urug‘ namunalari Norvegiyaning Svalbard orolida joylashgan Butunjahon Urug‘ Saqlash Genbanki — mashhur “Qiyomat kuni ombori”ga topshirildi.
Bu markaz dunyodagi eng yirik va eng xavfsiz urug‘ saqlash maskani hisoblanadi. Svalbarddagi -18°C haroratli ombor Arktika muzliklari bag‘rida joylashgan bo‘lib, hozirda 1,1 milliondan ortiq urug‘ namunasini o‘zida saqlamoqda.
O‘zbekistondan topshirilgan kolleksiya qovun, tarvuz, pomidor, qalampir, baqlajon, sabzi, piyoz va bug‘doyning 20 dan ortiq mahalliy navlarini o‘z ichiga oladi. Ayniqsa, bug‘doyning “Qayroqtosh” navi — o‘zbek dehqonchilik tarixining noyob namunasi sifatida alohida e’tirof etilgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti vakillari bu tashabbusni milliy genetik merosni asrab-avaylash va global oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholadi.
“Bu nafaqat O‘zbekistonning dehqonchilik madaniyatiga bo‘lgan hurmat, balki insoniyat uchun umumiy resursni saqlab qolish mas’uliyatining ifodasidir,” — deyiladi rasmiy bayonotda.
Svalbard ombori “so‘nggi zaxira” sifatida dunyodagi barcha genbanklar uchun xizmat qiladi. Bu tizim urushlar, tabiiy ofatlar yoki global inqirozlar tufayli urug‘ turlarining butunlay yo‘qolib ketish xavfini kamaytirishga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 