
1 noyabrdan 30 noyabrgacha mamlakat bo‘ylab “Keksalar uchun turizm oyligi” o‘tkaziladi. Ushbu tashabbus keksa avlod vakillariga dam olish, sayohat qilish va madaniy hordiqni arzonroq va qulay sharoitda o‘tkazish imkonini yaratadi.
Loyihaning asosiy maqsadi — nafaqaxo‘rlar va katta yoshdagi fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning faol hayot tarzini qo‘llash va ichki turizmga qiziqishni kuchaytirishdir.
Turizm oyligi doirasida keksa fuqarolar uchun mamlakatning turli hududlaridagi mehmonxonalar, pansionatlar, muzeylar, ziyoratgohlar hamda transport xizmatlariga turli chegirmalar joriy etiladi.
Qulayliklar va chegirmalar quyidagicha:
– Mehmonxona va pansionatlarda 20 foizgacha chegirma amal qiladi. Bu nafaqat poytaxtda, balki barcha viloyatlardagi dam olish maskanlarida qo‘llaniladi.
– Uzbekistan Airways ichki reyslarida 60 yoshdan katta erkaklar va 55 yoshdan katta ayollar uchun iqtisodiy klass chipatalariga 15 foizgacha arzonlik beriladi. Bu imkoniyat 1–30 noyabr kunlari amal qiladi.
– “O‘zbekiston temiryo‘llari” barcha ichki yo‘nalishlarda (“Afrosiyob”dan tashqari) yo‘l haqining tarif qismiga 20 foiz chegirma taklif qiladi.
– Muzeylar va madaniy meros obyektlariga tashrif buyuruvchilar uchun kirish chiptalari 10 foizgacha arzonlashadi. Bu orqali keksa avlod vakillari mamlakatning madaniy hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
– “Vaqf” fondi tasarrufidagi ziyoratgohlarda ham tashrif uchun 20 foizgacha chegirma amal qiladi. Bu, ayniqsa, diniy ziyoratni niyat qilganlar uchun qulay imkoniyatdir.
Turizm oyligi davomida keksalar uchun bozorlar, bog‘lar, tarixiy maskanlar va ziyoratgohlarga tashriflar qulay sharoitda tashkil etiladi. Shu bilan birga, sayohat paytida xavfsizlik va sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilish tavsiya etiladi.
Mamlakat turizm sohasi va ijtimoiy tashkilotlari ushbu tashabbus orqali keksa avlodning hurmati va munosib hayotiga yana bir bor e’tibor qaratayotganini ta’kidlash mumkin. Sayohat orqali ular nafaqat dam oladi, balki yangicha his-tuyg‘ular, xotiralar va ijobiy ruh oladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!