11:23 / 06.06.2018
6 586

OTMlarda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilindi

OTMlarda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilindi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 iyun kuni oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Muammolar


Qarorda OTMlarda ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatuvchi qator muammolar qayd etilgan.

Oliy ta’lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni, ta’lim olayotgan talabalar bilimini baholash tizimi bugungi kun talablariga javob bermayapti.

Professor-o‘qituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholashning zamonaviy tizimi mavjud emasligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Oliy ta’lim muassasalariga kirish test savollari abituriyentning mantiqiy fikrlash qobiliyatini aniqlash imkonini bermayotganligi iqtidorli yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda muammolar keltirib chiqarmoqda.

Oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining o‘rnatilmaganligi ushbu sohada ko‘plab muammolarning, eng avvalo, korrupsiya holatlarining saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Oliy ta’lim muassasalarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli o‘zgarishlardagi ishtiroki hamda tashabbuskorligi sezilmayapti, ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati hanuzgacha qoniqarsiz bo‘lib qolmoqda.

Respublikada olib borilayotgan tub islohotlarning mazmuni va mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga, keng jamoatchilikka tushuntirishda oliy ta’lim muassasalarining faol ishtiroki yo‘lga qo‘yilmagan.

Oliy ta’lim muassasalari innovatsion va texnologik g‘oyalar bilan fikr almashadigan muloqot markazlariga aylanmagan, tegishli sohalarda mavjud muammo va kamchiliklarni tizimli o‘rganish, tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha taklif kiritish borasida professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning tashabbus ko‘rsatishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan.

Yangiliklar

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat hamda kamida bir yil bo‘lgan magistraturani joriy etish, bunda magistraturada mutaxassislar tayyorlashni ishlab chiqarish (amaliy) (kamida bir yil) va ilmiy-pedagogik (kamida ikki yil) yo‘nalishlarga ixtisoslashgan dasturlar asosida tashkil etiladi.

Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish kvotalaridan tashqari xorijiy fuqarolar suhbat asosida test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilinadi.

Tayanch (yetakchi) oliy ta’lim muassasalari tomonidan tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, mustaqil ravishda ishlab chiqish hamda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlash tartibi joriy etiladi.

Ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli (avtomatlashtirilgan, portfolio, test sinovlari, ijodiy ish, antiplagiat va h.k.) usullarini, shu jumladan, muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizim joriy etiladi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida «talabaning o‘zlashtirish darajasi — professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni» tamoyili joriy qilinadi. Bunda ushbu tamoyil talablariga javob bermaydigan professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish belgilan

Joriy o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining vaqtini o‘quv jarayoniga xos bo‘lmagan ishlarga sarflashning oldini olish hamda ularni talabalar bilan ko‘proq ishlashga yo‘naltirish, shu jumladan, «ustoz — shogird» tizimini joriy etish maqsadida o‘quv yuklamalarini hisobga olgan holda professor-o‘qituvchilar «vaqt me’yorlari"ning yangi mexanizmlari tasdiqlanadi.

Qaror bilan oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlarga va boshqa tadbirlarga jalb etish taqiqlandi.

Ilg‘or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fanlar test sinovidan ozod qilish tartibi ishlab chiqiladi.

Jamoatchilik nazorati

Barcha oliy ta’lim muassasalarida samarali jamoatchilik nazoratini joriy etish maqsadida talabalar, ota-onalar, Yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi faollari, kadrlar buyurtmachilari, professor-o‘qituvchilar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat tarkibda jamoatchilik kengashlari tashkil etiladi.

1 sentyabrdan boshlab oliy ta’lim muassasalariga professor-o‘qituvchilar tarkibiga ishga qabul qilish tegishli kafedraning kengaytirilgan ochiq majlisida pedagog kadrlar va jamoatchilik kengashining a’zolari ishtirokida sinov darsi o‘tkazish natijalari bo‘yicha ushbu majlisning tavsiyasiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi hamda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalarni o‘qitishni tashkil etish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyoti joriy etiladi.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimi o‘rniga yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori lavozimi joriy etiladi, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlarning faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi O‘zbekiston Prezidenti devonining Yoshlar siyosati masalalari xizmatiga yuklanadi.

O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlari — tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlarining, innovatsion rivojlanish vaziri — barcha oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarining faoliyati natijalarini ularning «Yo‘l xaritalari"da belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan har oyda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilib boradi.

O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda tegishli oliy ta’lim muassasalarining faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan hisobotlari har yili Vazirlar Mahkamasining majlislarida muhokama etiladi;

Innovatsiyalar uchun sharoitlar

O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlari — tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlarining, innovatsion rivojlanish vaziri — barcha oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarining faoliyati natijalarini ularning «Yo‘l xaritalari"da belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan har oyda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilib boradi.

Yangi g‘oya va tashabbuslarni shakllantirish maqsadida har bir oliy ta’lim muassasasida «Yosh ekspertlar guruhi» tashkil etiladi.

Manba: Gazeta.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » OTMlarda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilindi