08:30 / 06.04.2021
2 095

Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtiriladi

Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtiriladi
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi «Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqmoqda.

Qonun 14 ta moddadan iborat bo‘lib, 11 ta qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Hozirgi paytda amaldagi «Qurol to‘g‘risida»gi Qonunda fuqarolik va xizmat quroli hamda o‘q-dorilar sohasida litsenziyalash va ruxsatnoma berish vakolati Milliy gvardiya organlariga yuklatilgan.

Biroq fuqarolik va xizmat quroli hamda o‘q-dorilarni saqlash qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazorat, aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha chora ko‘rish esa ichki ishlar organlariga yuklatilgan.

Xorijiy davlatlarda qurol muomalasi sohasidagi munosabatlar, ya’ni litsenziyalash va ruxsatnoma berish hamda ularning talablariga rioya etilishini nazorat qilish vakolati yagona davlat organiga topshirilgan.

Shu sababli respublikamizda ham qurol sohasida litsenziya va ruxsatnoma berish hamda nazorat qilish funksiyalarini yagona davlat organiga o‘tkazish zaruriyati mavjud.

Shuningdek, «Qurol to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinganidan so‘ng o‘qotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, tig‘li, uloqtirish quroli va elektroshok qurilmalariga egalik qilishga ruxsat berildi.

Biroq o‘qotar bo‘lmagan yuqorida ko‘rsatilgan qurollarga noqonuniy egalik qilish uchun esa qonunchiligimizda javobgarlik mavjud emas.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslarida faqatgina o‘qotar qurolni saqlash qoidalariga rioya qilmaslik va noqonuniy egalik qilish uchun javobgarlik belgilangan, xolos.

E’tiborli jihati shundaki, o‘tgan 2020 yilda o‘qotar bo‘lmagan qurolga ruxsatnomasiz egalik qilish bilan bog‘liq aniqlangan 2 174 ta holat bo‘yicha shaxslarga javobgarlik choralari ko‘rish uchun huquqiy asos bo‘lmagan. Bu esa o‘qotar bo‘lmagan qurollar bilan fuqarolar o‘rtasida «erkin muomala qilish» vaziyatini shakllanishiga imkon yaratmoqda.

Sodda qilib aytganda, o‘qotar bo‘lmagan qurolga noqonuniy egalik qilish, ya’ni uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish, ta’lim muassasalariga olib borish va hokazo holatlarda qurol egasi undan turli jinoiy maqsadlarda foydalanmasligiga «kafolat» yo‘q.

Shu sababli qonunchiligimizdagi ushbu «huquqiy bo‘shliq»ni to‘ldirish maqsadida qo‘yidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda:
  • birinchidan, qurol va uning o‘q-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalarini Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazish;
  • ikkinchidan, o‘qotar bo‘lmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik nazarda tutish;
  • uchinchidan, qonunlardagi mavjud tushunchalar, qurol turlari va ularning huquqiy holatini «Qurol to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiqlashtirish.

Mazkur Qonun Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari hamda qo‘mita tarkibidagi ekspertlar guruhi tomonidan o‘rganilmoqda.

Farhod BOQIYEV,
Oliy Majlis Senati
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtiriladi