date

National Geographic Xivani dunyodagi eng so‘lim shaharlar qatoriga qo‘shdi

National Geographic Xivani dunyodagi eng so‘lim shaharlar qatoriga qo‘shdi

National Geographic Xivani 2026-yildagi eng yaxshi sayohat yo‘nalishlaridan biri sifatida e’lon qildi.

Dunyodagi eng nufuzli nashrlardan biri — National Geographic 2026-yil uchun eng qiziqarli va sayohatchilar uchun ilhombaxsh manzillar ro‘yxatini taqdim etdi. Unda Osiyo, Yevropa va Amerika qit’alaridagi turli yo‘nalishlar orasida O‘zbekistonning qadimiy Xiva shahri ham bor.

Nashr muharrirlari va tadqiqotchilari ta’kidlashicha, Samarqand va Buxoro allaqachon jahon sayohatchilarining e’tiborida bo‘lsa, Xiva ularga nisbatan sokinroq, go‘yo vaqt to‘xtab qolgandek tasavvur uyg‘otuvchi muhitni taklif etadi. Maqolada aytilishicha, Xiva sayyohga “o‘tmish bilan suhbatda bo‘lgan” hisni bag‘ishlaydi.

Ta’kidlanishicha, yaqinda Toshkentdan Xivagacha tezyurar poyezd yo‘lga qo‘yiladi, bu esa sayohat masofasini ikki baravar qisqartiradi. Shuningdek, shaharning ta’mirlangan saroylari, masjid va minoralari, Ichan qal’asi — YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatida ekani ham qayd etilgan.

National Geographic Xivaga boruvchi sayyohlarga mahalliy madaniyat bilan yaqindan tanishishni, lazgi raqsi, qovun sayli va bahodirlar o‘yinlaridek festivallarni ko‘rishni tavsiya etdi. Jurnal fikricha, aynan ana shu an’anaviy fazilatlar Xivani zamonaviy dunyodagi “jonli hayot kechayotgan muzey shahar”ga aylantiradi.

Shu bilan birga, 2026-yil uchun tavsiya etilgan boshqa manzillar orasida Kanadaning Kvebek provinsiyasi, Xitoyning Pekin shahri, Dominika orollari, Marokashning Rabot shahri, Britaniyaning Hall shahri, AQSHdagi Bedlends milliy parki, Filippinning Manila shahri, Turkiyaning Qora dengiz qirg‘oqlari, Ruandaning Akagera milliy parki va Yaponiyaning Yamagata prefekturasi bor.

Bunday nufuzli ro‘yxatda Xivaning paydo bo‘lishi nafaqat O‘zbekiston sayyohlik salohiyatining o‘sib borayotganidan, balki mamlakat madaniyati va tarixiga bo‘lgan xalqaro qiziqishning kuchayganidan dalolat beradi. Ekspertlar ta’kidlashicha, bu tanlov Xivani 2026-yilda jahon sayyohlarining yangi “majburiy tashrif manzili”ga aylantirishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » National Geographic Xivani dunyodagi eng so‘lim shaharlar qatoriga qo‘shdi