Bugun 30 oktyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi majlislar zalida hakamlar va OAV vakillari ishtirokida maxsus yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Majlisda Superliga bosh va yordamchi hakamlari, nazoratchilar hamda O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasi vakillari ishtirok etishdi.
Majlis o‘ziga xos tanqidiy ruhda ochib berildi va O‘zFHM rahbari Laziz Qo‘chqorov o‘z nutqi davomida mamlakatimizda futbol rivojlanayotgani, shu bilan birgalikda, uning rivojlanishida hakamlik alohida o‘rin tutishi, bu borada hakamlardan har o‘yinga yuqori tayyorgarlik ko‘rib, muntazam ravishda ishiga nisbatan jiddiy yondashishi lozimligiga urg‘u berishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Superligasining so‘nggi turlarida bir qator bahsli vaziyatlar yuzaga kelgani ta’kidlanib, OAV vakillarining ushbu vaziyatlar va hakamlik bo‘yicha bergan savollariga atroflicha javoblar berildi.
O‘zbekistonlik taniqli hakam Aziz Asimov yig‘ilishda so‘zga chiqib, murabbiylarga keskin tarzda e’tiroz bildirdi:
"Barchaga Assalomu Alaykum. Bizda Germaniya va Italiyada bo‘lgani kabi bo‘lishi mumkinmi? Mumkin, ammo bizni klublarimiz bunday qilishmaydi. Hakamning har bir xatosi klublar va bizni murabbiylar uchun rahbariyat oldidan o‘zini oqlash uchun chinakam sovg‘aga aylanadi.
Agar qo‘shimcha vaqtni kamroq bersak, bu ham ular uchun bahona. Hatto, 3:0 yoki 4:0 hisobida yengilayotgan bo‘lsa ham. Korpus bilan berkitilgan qo‘lga tekkan to‘p uchun fol belgilanmasligini juda yaxshi bilsa ham, aynan shu narsani ushlab olgan xolda hakamlarni o‘yinni "o‘ldirganda" yoki kimdir uni to‘xtatmoqchi ekanligini aytib ayblash uyatsizlik. Albatta, u bu haqida yozadi. Biz xatolarni boshqa odamlarga biriktirib qo‘yishga o‘rganib qolganmiz. Xato qilgan hakamlar buni o‘z bo‘yniga olishga majbur.
Xo‘sh, murabbiylar amalga oshirayotgan xatolar qayerda? Qarang, braklar qanchalik ko‘p? Nega ular futbolchilari 5 marotaba to‘pni to‘xtata olmaganini, 7 marotaba noaniq uzatma berganini aytmaydi? Hakam xato qilsa, "Aut" va hakam bizni "o‘ldirdi" deyishadi."
Yig‘ilish so‘ngida mutaxassislar OAV vakillari, xususan, sharhlovchilardan sharh paytida hakamlik borasida noto‘g‘ri izoh berib qo‘ymaslik va imkon qadar auditoriyada hakamlar haqida salbiy xulosa uyg‘otib qo‘ymaslikka harakat qilishlari so‘raldi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring