
«Fulad» va O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozaboni O‘tkir Yusupov Narzulla Saydullayev kanaliga bergan intervyusida o‘zining kelgusi rejalari, Yaqin Sharqdagi o‘yin amaliyoti va Superligaga qaytishi ehtimoli haqida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, hozircha «Navbahor»ga qaytishi masalasida jiddiy muhokama yoki rasmiy taklif yo‘q.
Yusupov o‘z izohida shunday deyadi:
— «Navbahor»ga qaytadi degan gaplar hozircha asosga ega emas. Mening ‘Fulad’ bilan yozgacha amal qiladigan shartnomam mavjud. Agar, tasodifan, klub meni qo‘yib yuborsa ham, shundoqgina qaytib ketavermayman — menga doimiy o‘yin amaliyoti bor jamoa kerak. Chunki men endigina jarohatdan tuzaldim va oldimizda Jahon chempionati kabi ulkan musobaqa turibdi», — deya ta’kidladi darvozabon.
Darhaqiqat, O‘tkir Yusupovning sog‘ligi va o‘yin amaliyoti bugungi kun talablarida juda muhim. Ayniqsa, milliy jamoa uchun asosiy darvozabonlardan biri sifatida uning tayyorgarlik darajasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, Yusupov bir necha oy avval Eron va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi CAFA finalida jiddiy jarohat olgan, shu bois bir muddat maydondan tashqarida qolgan edi. Hozirda u tiklanish jarayonini yakuniga yetkazib, yana yuqori tempda mashg‘ulotlarni davom ettirmoqda.
Yusupovning Superligaga qaytishi yoki tashqi chempionatda qolishini kuzatayotgan muxlislar uning har bir bayonotini qiziqish bilan o‘qimoqda. Har holda, darvozabonning kelajakda qayerda o‘ynashi nafaqat klub darajasida, balki O‘zbekiston terma jamoasining musobaqalardagi muvaffaqiyatida ham katta rol o‘ynaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.