23:11 / 11.01.2025
18

Abduqodir Husanovga "Manchester Siti" muxlisidan maktub...

Abduqodir Husanovga "Manchester Siti" muxlisidan maktub...
Tez orada oʻzbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov "Manchester Siti" futbolchisi sifatida tanishtiriladi. Quyida klub muxlisining Abduqodir Husanovga yozgan maktubi mazmuni bilan tanishish imkoniga egasiz.

Manchester shahrida uch kundan beri yogʻingarchilik tinmayapti. Shahar koʻchalari huvillab qolgan, odamlar uylaridan chiqmay oʻtirishibdi. Bir necha kilometrlar nariroqda "Etihad stadium" savlat toʻkib turibdi. Yuqoridan razm solganda, stadion gʻildirakli konkiga oʻxshab ketadi. Biroq havo harorati pasaygandan beri "gʻildiraklar" muzlab qolgan shekilli, sevimli jamoam oldinga harakat qila olmay qoldi. Moviy oʻrindiqlar qarshisida moviy osmon ostida moviy rangli libosdagi futbolchilarning xursandchiliklarini tomosha qilish oʻzgacha zavq bagʻishlaydi. Ammo soʻnggi paytlarda osmonimizni qora bulut qoplagandek goʻyo. Qora bulutlarni bartaraf etib, moviy osmonimizni qaytaradigan qandaydir kuch kerak bizga.

Bizning koʻchada deyarli hamma uylar bir xil koʻrinishda — pishiq gʻishtdan qurilgan hamda ikki qavatdan iborat. Koʻcha boshida yashovchilar devor oʻrniga boʻta bilan uy atrofini oʻrashgan. Koʻchamiz tor boʻlishiga hamda yoʻl chetida mashinalar boʻlishiga qaramay, katta tirbandlik kuzatilmaydi. Mashinalar 20 kilometr tezlikda harakatlanadi, tor koʻcha va yaqin atrofimizda maktab joylashgani uchun tezlik chegaralangan.

Toʻrt devor orasida nima qilishni bilmasdan, yostigʻimni quchoqlaganda, ijtimoiy tarmoqlarga shoʻngʻiyman. Sevimli jamoam haqida xabarlar yod boʻlib kegan boʻlsa-da, baribir nimadir yangilik kutaveraman. Soʻnggi paytlarda bir nom diqqatimni tortdi: Husanov.

Husanov... Bu nom xayolimga oʻrnashib qolgandi. Uning oʻyinlarini YouTube'dan koʻrganman va uni afsonaviy film qahramoni Xalkka oʻxshatganman – chaqqon, jasur, hattoki biroz qoʻpol! Maydonda xuddi arslonday vajohatli harakat qiladi. Garchi uning qarshisida futbol oʻynayotgan boʻlmasam-da, dadil va shiddatli harakatlaridan videoni koʻrish davomida choʻchib ketib, telefonimni qoʻlimdan tushirib yubordim. Ehtimol, koʻz oʻngingizda Ramos gavdalangandir. Yoʻq, u Ramoschalik jazavaga berilmaydi.

Toʻgʻrisi, avvaliga uning notanish ismi gʻalati eshitildi. Ab-du-qo-dir... bu ism nima ma'no anglatishini bilmasdim. Lekin keyin... keyin uning oʻyinlarini koʻrib, fikrim oʻzgardi. Bu yigitda nimadir bor edi. U oddiy futbolchi emasdi. Unda oʻzgacha bir ishtiyoq, oʻzgacha bir kuch bor edi.

Husanov Osiyoda joylashgan Oʻzbekiston degan mamlakatdan kelgan ekan. Rostini aytsam, Oʻzbekiston haqida deyarli hech narsa bilmasdim. Koʻpincha Afgʻoniston yoki Pokiston bilan adashtirardim. Ammo oʻsmirlarimiz jahon chempionatida oʻzbekistonliklarga yutqazib qoʻygach hamda ularning futbol jamoasi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgach, bu mamlakatga nisbatan qiziqishim oshdi.

Abduqodir Husanov deb aytishga tilim kelishmayotgan boʻlsa-da, tez orada koʻnikib ketsam, ajabmas. Har holda internetda toʻgʻri yoza olaman. Mashhur insayder Fabritsio Romano u ham shunchalik koʻp yozdiki, soʻnggi marta faqatgina Mbappening "Real Madrid"ga transferi bilan shunday boʻlgandi. Otam esa ijtimoiy tarmoqlarga qiziqmaydi, goh-gohida koʻrsatkich barmogʻini burnining ustiga olib, koʻzoynagini toʻgʻrilagan holda haligacha gazeta mutolaa qiladi. Baa'zan menga sport yangiliklarini aytib qoladi, men bu xabarni allaqachon bilib ulgurganimga qaramay, uni ranjitmaslik maqsadida "Yoʻgʻ-ey, chindanmi" deb qoʻyaman. Otam ham futbol haqida mendan kam ma'lumotga ega emas, haligacha almisoqdan qolgan, ammo uning uchun qadrdon boʻlgan hamda sevimli klubi futbolchilarining imzosi hamda ramzi tushirilgan sharfini elkasiga tashlagancha, stadionga borib turadi. Men gohida, gohida oʻrtoqlarim bilan oʻyinga tushaman.

Manchesterda hayot shiddat bilan, ammo oʻziga xos tartibda kechadi. Bu erda hamma narsa futbol atrofida aylanadi desam, mubolagʻa boʻlmaydi.

Ertalabdan odamlarning qoʻlida gazeta, metro va avtobuslarda futbol haqida bahs-munozaralar avjiga chiqadi. Hattoki, itlarni sayr qildirib yurgan qariyalar ham kechagi oʻyin haqida gaplashib, bir-birlari bilan bahslashishadi. Kimdir "Siti"ni, kimdir "Yunayted"ni maqtaydi.

Pablarda esa haqiqiy bayram boʻladi! Muxlislar sevimli jamoalarining oʻyinini katta ekranlarda tomosha qilib, pivo ichishadi, qoʻshiqlar aytadi, baqirishadi, xullas, futbol zavqiga berilishadi. Ba'zida bu "bayramlar" yoqimsiz janjallar bilan yakunlanadi, lekin bu ham futbolga boʻlgan muhabbatning bir koʻrinishi desam mubolagʻa boʻlmaydi.

Bir kuni doʻstim bilan "Etihad Stadium" stadioniga bordik. Stadion turi vaqtida gid bizga qiziqarli voqeani soʻzlab berdi: bir muxlis shunchalik futbolga mukkasidan ketganki, oʻz toʻyini stadionda oʻtkazibdi! Kelin esa toʻy libosi oʻrniga "Siti" libosini kiyib kelibdi!

Manchesterda futbol nafaqat sport, balki hayot tarzi hamdir. Bu erda futbolsiz hayotni tasavvur qilib boʻlmaydi. Men ham futbolga shunchalik qiziqib qolganmanki, har kuni ertalab uygʻonib, birinchi navbatda futbol yangiliklarini oʻqiyman...

Aytgancha, Husanovning transferi haqida gap-soʻzlar boshlangach, "Manchester Siti"ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari uning hammyurtlarining izohlari bilan toʻlib-ketdi. Men hayratga ham tushdim: Xitoy va Hindistonda aholi soni nihoyatda koʻp ekanligini eshitganman, menimcha, Husanov yashayotgan yurt aholisi ham ancha-muncha ekan. Ularning izohlariga tushunmayman, ammo mamlakatining bayrogʻi va qoʻllab-quvvatlovchi smayllardan Abduqodirga omad tilayotganini anglayman.

"Tumanli Albion"ga xoʻsh kelibsan, Abduqodir! Menimcha, sen ham sovuqni yoqtirmasang kerak, chunki yurtingizda havo harorati pasayishi bilan odamlar uylarida dam olish oʻrniga tirikchilik ilinjida turnaqator navbatlarga turishar ekan. Biroq sen Fransiyada yashading va Evropa ob-havosiga moslashding deb oʻylayman.

Sen tufayli Oʻzbekiston degan mamlakatga qiziqishim oshdi, qachondir u erga sayohat qilaman degan umiddaman. Internet orqali Oʻzbekistonning tarixiy maskanlari va madaniyati haqida ma'lumotlarga ega boʻlib, juda ijobiy taassurotlar oldim. Oʻylaymanki, yurtingda sen kabi iqtidorli futbolchilar etarlicha.

Bir kuni sen bilan uchrashaman va moviy libosga bitgan dastxatingni qabul qilaman, degan umiddaman. Here we go!

P.S. Aytgancha, "paxta qoʻyish" nima degani? Bu erda koʻpchilik uning ma'nosini soʻrashyapti. Jurnalistlar Husanovdan intervyu olganda, bu haqda, albatta, soʻrashsa kerak deb oʻylayman.

Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport