
Osiyoda 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichining 7-tur uchrashuvlari yakunlandi. 20 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan bahsda Ӣzbekiston milliy jamoasi Qirg‘izistonga qarshi maydonga tushib, 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu natijadan so‘ng We Global Futbol portali Osiyo jamoalarining Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlarini baholadi.
Baholash natijalariga ko‘ra, Temur Kapadze boshchiligidagi Ӣzbekiston milliy jamoasining "A" guruhidan 2026 yilgi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olish ehtimoli 92,6 foiz deb ko‘rsatildi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Yaponiya, Eron va Janubiy Koreyadan keyingi to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.

Eron guruhda yetakchilik qilmoqda
"A" guruhida eng yuqori imkoniyat Eron terma jamoasiga tegishli bo‘lib, ular 100 foizlik natija bilan Jahon chempionatiga yo‘llanmani deyarli kafolatlab bo‘lishdi. O‘zbekiston esa 2-o‘rinni egallab, tarixda ilk bor dunyoning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etish arafasida turibdi.
Birlashgan Arab Amirliklari so‘nggi uchrashuvda Eron terma jamoasidan mag‘lubiyatga uchragach, ularning to‘g‘ridan to‘g‘ri mundialga chiqish ehtimoli bor-yo‘g‘i 6 foiz deb baholandi. Qatarning imkoniyati esa 1,3 foizga teng. Qirg‘iziston va Shimoliy Koreya esa amalda Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lishgan.
Osiyo jamoalari uchun ajratilgan kvotalar
AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi Jahon chempionati uchun Osiyo qit’asiga 8,5 ta kvota ajratilgan. Unga ko‘ra, uchta guruhda 1 va 2-o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Jahon chempionatiga yo‘llanma oladi. Guruhlardagi 3 va 4-o‘rin egalari esa o‘zaro pley-off o‘yinlari orqali qolgan 2,5 ta yo‘llanma uchun kurash olib boradi.
O‘zbekiston terma jamoasining hozirgi holati
Hozirda 7-tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 16 ochko to‘plagan holda "A" guruhida 2-o‘rinni egallab turibdi. Guruh yetakchisi Eron 19 ochko bilan peshqadam. Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar 10 ochko bilan mos ravishda 3 va 4-o‘rinlarni egallagan. Qirg‘iziston (3 ochko) va Shimoliy Koreya (2 ochko) esa turnir jadvalining eng quyi pog‘onalarida joylashgan.
Kelgusi muhim uchrashuv
O‘zbekiston milliy jamoasi saralashning 8-tur doirasida 25 mart kuni safarda Eron terma jamoasiga qarshi muhim bahsga chiqadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. Ushbu bahs O‘zbekiston terma jamoasi uchun tarixiy ahamiyat kasb etishi mumkin, chunki g‘alaba qozonilsa, Jahon chempionatiga chiqish masalasi deyarli hal bo‘ladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar