Zelenskiy Saudiya Arabistoniga muzokaralar uchun yetib keldi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 24 aprel kuni Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi. Davlat rahbari Ar-Riyodda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Al Saud bilan muzokaralar o'tkazishi rejalashtirilgan. Bu Zelenskiyning so'nggi haftalar davomidagi ushbu mamlakatga ikkinchi safari hisoblanadi. Bu haqda Dw.com xabar beradi.
Ukraina yetakchisi o'zining Telegram-kanalida ma'lum qilishicha, tashrifdan asosiy maqsad xavfsizlik, energetika va infratuzilma sohalaridagi kelishuvlarni yanada rivojlantirishdir. Avvalroq, 26 mart kuni bo'lib o'tgan uchrashuvda tomonlar mudofaa sohasida hamkorlik qilishga kelishib olgan edi. Zelenskiy ikki davlat o'rtasidagi mazmunli aloqalarni yuqori baholashini ta'kidladi.
Bundan tashqari, Ukraina Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari bilan uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish hamda dronlarga qarshi tizimlar yaratish bo'yicha bitimlar imzolagan. Ushbu loyihalar Ukrainaning xususiy va davlat sektori ishtirokidagi shartnomalar orqali amalga oshirilishi ko'zda tutilgan.
Mintaqadagi murakkab vaziyat fonida Kiyev Fors ko'rfazi davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlamoqda. Xususan, Ukraina dronlarni yo'q qilish bo'yicha o'z tajribasi bilan o'rtoqlashishga va Yaqin Sharq mintaqasiga hujumlarni qaytarishda yordam berish uchun harbiy ekspertlarini yuborishga tayyorligini bildirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!