Toshkentda yil yakunigacha 18 ta turistik ko'cha ochiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Mirzo Ulug'bek tumanidagi «O'zbekiston ovozi» ko'chasida tashkil etilgan gastronomik turizm maskani faoliyati bilan tanishdi. Mazkur loyiha davlat rahbarining 2022 yil 30-apreldagi ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qarori asosida amalga oshirildi. Rossiyaning «City Makers» va «Lyudi Arxitektors» byurolari loyihasi asosida rekonstruksiya qilingan ob'ekt 2025 yil sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Spot.uz xabar beradi.
Umumiy uzunligi 2,1 kilometr bo'lgan ko'chada zamonaviy infratuzilma yaratilgan: keng piyodalar va velosiped yo'laklari, selfi zonalari, ochiq sport maydonchalari, oilaviy dam olish maskanlari va bolalar uchun eko-maydonchalar barpo etilgan. Loyihaning umumiy qiymati 40 mlrd so'mni tashkil etadi. Hozirda bu yerda 165 ta savdo nuqtasi faoliyat ko'rsatmoqda, ulardan 89 tasi tunu kun ishlash rejimiga o'tgan. Natijada 2 221 ta yangi ish o'rni yaratildi.
Toshkentdagi turistik va gastronomik ko'chalar bo'yicha berilgan ma'lumotga ko'ra, o'tgan yili poytaxtning 26 ta ko'chasi 24/7 ish rejimiga o'tkazilgan. Buning uchun 540 mlrd so'm mablag' yo'naltirilib, 1 103 ta yangi savdo va xizmat ko'rsatish ob'ekti tashkil etildi. Bu chora-tadbirlar natijasida xizmatlardan foydalanuvchilar soni sutkasiga 80 mingdan 200 ming kishiga yetdi, 6 ming kishi ish bilan ta'minlandi.
Joriy yilda Toshkentda yana 18 ta yangi turistik ko'cha tashkil etish, 500 ta ob'ektni ishga tushirish va 7 mingga yaqin ish o'rni yaratish rejalashtirilgan. Davlat rahbari mutasaddilarga Mirzo Ulug'bek tumanida gastronomik turizm imkoniyatlaridan to'liq foydalanish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha aniq topshiriqlar berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!