Pentagon Ispaniyani NATO a'zoligidan chiqarishni muhokama qilmoqda

Pentagon AQShning Eron bilan bog'liq harbiy operatsiyalarini qo'llab-quvvatlamagan NATO bo'yicha ittifoqchilariga nisbatan jazo choralarini ko'rib chiqmoqda. Reuters agentligining xabar berishicha, taklif etilgan choralar orasida Ispaniyaning alyansdagi a'zoligini vaqtincha to'xtatish varianti ham bor. Shuningdek, "muammoli" davlatlar vakillarini NATOdagi nufuzli lavozimlardan chetlatish va Vashingtonning Folklend orollari bo'yicha pozitsiyasini qayta ko'rib chiqish masalasi ko'tarilgan. Bu haqda Dw.com xabar beradi.
Ispaniya hukumati o'z hududidagi harbiy bazalar va havo kengliklaridan Eronga zarba berish maqsadida foydalanishni taqiqlagani Oq uyning keskin noroziligiga sabab bo'lgan. Pentagonning ichki yozishmalarida qayd etilishicha, Ispaniyaning a'zoligini to'xtatish harbiy amaliyotlarga kam ta'sir qilsa-da, kuchli ramziy ma'noga ega bo'ladi. Biroq, bunday qaror qabul qilinishi uchun alyansga a'zo barcha 32 davlatning roziligi talab etiladi.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches YeI sammitida mazkur xabarlarga munosabat bildirib, Madridning ittifoqchilarga sodiqligini ta'kidladi. Sanchesning so'zlariga ko'ra, Ispaniya NATO bilan mutlaq hamkorlik tarafdori, biroq bu jarayon faqat xalqaro huquq doirasida amalga oshirilishi lozim. Germaniya hukumati esa Ispaniyaning alyansdagi o'rnini o'zgartirish uchun hech qanday sabab ko'rmayotganini ma'lum qildi.
Avvalroq Oq uy NATOning "yaxshi" va "yomon" ittifoqchilari ro'yxatini tuzgani haqida ma'lumotlar tarqalgan edi. Eron kampaniyasini qo'llab-quvvatlashdan bosh tortgan davlatlar ikkinchi ro'yxatga kiritilgan. Shuningdek, AQSh mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha yetkazmagan davlatlarni ovoz berish huquqidan mahrum qilish imkoniyatlarini ham o'rganmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!