
Barselonadagi Camp Nou stadionini rekonstruksiya qilayotgan ishchilar yashash va mehnat sharoitlaridan shikoyat qilishdi. Ispaniyaning El Dia nashri xabar berishicha, turli subpudrat kompaniyalari xodimlari juda og‘ir sharoitlarda ishlamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, besh nafar ishchi L’Hospitalet-de-Llobregatdagi 60 kvadrat metrlik xonadonda yashagan. Ularga atigi ikki xona va bitta hojatxona berilgan, bu hojatxonadan barcha birga foydalangan.
Ishchilarni haftasiga olti kun, ba’zan esa yakshanba kuni ham 10-12 soat ishlashga majbur qilishgan. Ulardan ayrimlari Ispaniyaning ijtimoiy sug‘urta tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan va turk yoki litva kompaniyalari xodimlari sifatida ko‘rsatilgan.
Ishchilarning yashash uchun ruxsatnomalari muddati o‘tib ketgani sababli ular uylariga qayta olmagan. Eng tajribali ishchi Izzet sharoitlarni boshqa joylardagi qurilishlar bilan solishtirib, quyidagi fikrni bildirgan: "Men Turkiyada atom elektr stansiyalari, O‘zbekistonda binolar va yo‘llar, Germaniya va Polshada qurilishlarda ishlaganman — lekin hech qachon bunday munosabatni ko‘rmaganman." Kataloniya hukumati ish sharoitlarini o‘rganishni boshlagan va hujjatsiz ishlash holatlari aniqlangan.
CCOO kasaba uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ishchilarning huquqlarini himoya qilishga urinayotgan qator xodimlar ishdan bo‘shatilgan. Subpudratchi kompaniya Extreme Works 50 dan ortiq ishchini ishdan chetlatgan.
Camp Nou obyekti bo‘yicha subpudratchilar mehnat qonunchiligini 218 marotaba buzganlikda ayblanib, 2 million yevro jarimaga tortilgan. Eslatib o‘tamiz, Camp Nou stadioni "Barselona" futbol klubi uchun asosiy stadion hisoblanadi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.