Vikipediya AI gigantlariga ma’lumotlarni rasman sotishini ma’lum qildi

Vikipediyani boshqaruvchi Wikimedia fondi sun’iy intellekt bozoridagi yirik o‘yinchilar bilan yangi kelishuvlar tuzilganini ma’lum qildi. Ro‘yxatda Amazon, Meta, Microsoft, Perplexity va Mistral AI kabi kompaniyalar bor. Ya’ni endi “Vikipediyadan olinayotgan bilim” oddiy odat emas — rasmiy to‘lovli hamkorlikka aylanyapti.
Yangi kelishuvlarga ko‘ra, mazkur kompaniyalar Wikimedia Enterprise xizmati orqali Vikipediya ma’lumotlariga kirish uchun qonuniy tarzda pul to‘laydi. Bu esa internetda ko‘p uchraydigan “ruxsatsiz skreyping”, ya’ni saytdan ma’lumotni yashirincha ommaviy yig‘ib ketish amaliyoti o‘rnini bosishi kerak. Fondga ko‘ra, endi kontentdan “shaffof va qonuniy shartlarda” foydalanish mexanizmi paydo bo‘layapti.
Qizig‘i, bu bitimlar bir yillik muddatga tuzilgan bo‘lsa-da, avval bunday hamkorliklar jamoatchilikka ochiq e’lon qilinmagan. Endi esa yangi “hamkorlar” avvaldan Wikimedia Enterprise bilan ishlab kelayotgan Google, Ecosia va boshqa kompaniyalar qatoriga qo‘shildi.
Wikimedia fondining ta’kidlashicha, Vikipediya hozirgi zamonaviy texnologiyalar rivojida juda katta ahamiyatga ega. Ensiklopediyadagi ma’lumotlardan chat-botlar, qidiruv tizimlari, ovozli yordamchilar va umuman sun’iy intellektga tayanadigan turli servislar keng foydalanyapti. Shunday ekan, fond pozitsiyasi oddiy: ma’lumot baribir ishlatiladi — unda nega u “to‘g‘ri, adolatli va ochiq” yo‘l bilan ishlatilmasin?
Qisqasi, Vikipediya endi “hamma uchun ochiq” degan g‘oyasini saqlagan holda, uning ma’lumotlaridan katta masshtabda foydalanayotgan AI kompaniyalariga: “okey, ishlatasan — lekin rasman va haqini to‘lab” deyapti. Bu esa kelajakda kontent, litsenziya va ma’lumot uchun raqamli bozor qoidalari yanada qattiqlashishidan darak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!