Maykl Kerrik: «Yuqoriga chiqishni istaymiz, qadamma-qadam boramiz»

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrik mavsumning qolgan qismi uchun jamoa oldiga qo‘yilgan vazifalar haqida gapirdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, klub rahbariyati tomonidan “qattiq belgilangan” talablar ro‘yxati berilmagan bo‘lsa-da, jamoaning o‘zida maqsadlar juda ham aniq.
Kerrik jurnalistlarning “rahbariyatdan aniq ko‘rsatmalar bormi?” degan savoliga qisqa va lo‘nda javob qaytardi:
— Yo‘q. Lekin biz turnir jadvalining yuqori qismiga yaqinlashishni, hatto eng tepada bo‘lishni xohlaymiz. Bu juda ochiq maqsad. Ammo unga yetib borish uchun bosqichma-bosqich oldinga yurish kerak. Yevrokuboklarga chiqish ham oldinga tashlangan yaxshi qadam bo‘ladi. Eng muhimi — harakatni to‘xtatmasligimiz shart, — dedi Kerrik.
Ya’ni, “Yunayted”da hozir reja bitta: o‘z o‘yinini barqaror qilish, ochkolarni yig‘ish va har hafta o‘zini yanada yaxshiroq ko‘rsatish. Chunki katta maqsadlar katta bayonot bilan emas, haftadan haftaga qilinayotgan ish bilan yaqinlashadi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga «Manchester Yunayted» o‘z maydonida Xosep Gvardiola boshqarayotgan «Manchester Siti»ni qabul qiladi. Manchester derbisi Toshkent vaqti bilan 17:30 da start oladi. Bu bahs — Kerrikning gaplari amalda ham qanday ko‘rinish olishini ko‘rsatib beradigan eng qiziq sinovlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!