Grozniyda Adam Qodirov YTHdan so‘ng og‘ir ahvolda ekani ma’lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov Grozniyda yo‘l-transport hodisasiga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Muxolifatdagi NIYSO telegram-kanali hamda «Kavkaz.Realii» nashri manbalarga tayanib, u voqeadan keyin shifoxonaga og‘ir ahvolda olib kelinganini yozdi.
Manbalarga ko‘ra, Adam Qodirov hushsiz holatda respublika shifoxonasiga yetkazilgan, shifokorlar uni reanimatsiya qilib, keyin Moskvaga olib ketish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgani aytilmoqda.
Xabarlarda qayd etilishicha, Qodirov korteji katta tezlikda harakatlangan, bir necha avtomobil hodisaga jalb etilgan va bir necha kishi jarohat olgan bo‘lishi mumkin. Shu voqeadan so‘ng Grozniy shahrida ayrim yo‘llar vaqtincha yopilgani, xususan, shifoxona tomon boriladigan yo‘nalishlar cheklangani haqida ham ma’lumotlar keltirilgan.
18 yoshli Adam Qodirov Chechenistonda eng ko‘p tilga olinadigan shaxslardan biri hisoblanadi: ayrim manbalarda u Checheniston xavfsizlik kengashi kotibi va respublika IIV kuratori sifatida ko‘rsatiladi.
Ayni paytda rasmiy idoralar tomonidan hodisa tafsilotlari bo‘yicha to‘liq, ochiq bayonot berilgani haqida tasdiqlangan ma’lumot yo‘q. Shuning uchun voqea haqidagi keltirilgan tafsilotlar hozircha manbalar bergan ma’lumotlar darajasida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!