Qozog‘istonda sun’iy intellekt imom ishga tushiriladi

Qozog‘istonda diniy-ma’rifiy sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Qozog‘iston Musulmonlari diniy boshqarmasi sun’iy intellekt asosida ishlaydigan “Imom AI” mobil ilovasini ishlab chiqishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Orda.kz nashri xabar berdi.
Qozog‘iston Oliy muftiysi Nauryzbay hoji Taganulining so‘zlariga ko‘ra, mazkur ilovani ishga tushirish 2026 yilga mo‘ljallangan. “Imom AI” ishonchli diniy manbalar asosida foydalanuvchilarning savollariga tezkor va aniq javoblar berishi kutilmoqda.
Bayonotda qayd etilishicha, zamonaviy talablarni inobatga olgan holda diniy sohada ham sun’iy intellekt imkoniyatlarini tizimli joriy etish zarur. Loyiha fuqarolarning diniy savollariga oson va ishonchli javob olishiga xizmat qilishi, shu bilan birga imomlar va ruhoniylar zimmasidagi yukni kamaytirishi ham ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 2026 yilni Raqamlashtirish va sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish yili deb e’lon qilgan edi. Prezident ta’kidlaganidek, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish mamlakatning barcha sohalardagi salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston Musulmonlar idorasi sun’iy intellektdan diniy savollarni so‘rash joiz emasligini ma’lum qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!