U-23 Osiyo Kubogi. Vetnam BAAni yengib, yarimfinalga chiqdi

23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida hal qiluvchi bosqichlar qizg‘in tus olmoqda. Chorak final bahslari har daqiqasi bilan dramatizmni oshirayotgan bir paytda Vetnam va BAA o‘rtasidagi to‘qnashuv muxlislarga haqiqiy “nervlar sinovi”ni taqdim etdi.
Bellashuv juda shiddatli boshlandi va jamoalar maydonda ehtiyotkorlikni emas, gol urish istagini birinchi o‘ringa qo‘ydi. O‘yinning 39-daqiqasida Le Pat hisobni ochib, Vetnamni oldinga olib chiqdi. Ammo bu ustunlik uzoqqa cho‘zilmadi — 42-daqiqada Ndiaye hisobni tenglashtirib, BAAning ham o‘z so‘zini aytmoqchi ekanini ko‘rsatdi.
Ikkinchi taymda ham gollar yog‘ilib turdi. 63-daqiqada Din Bek yana bir bor Vetnamni oldinga boshladi. Biroq 68-daqiqada Menhali javob to‘pini yo‘llab, uchrashuvni yana “noldan boshlatdi” — 2:2.
Shundan so‘ng asosiy vaqtda hisob o‘zgarmadi va o‘yin qo‘shimcha taymlarga ko‘chdi. Ana shu yerda Vetnam o‘zining irodasi va jangovor ruhini to‘liq namoyon qildi. Qo‘shimcha bo‘limlarning 101-daqiqasida Min hal qiluvchi golni urib, Vetnamga 3:2 hisobida g‘alaba olib keldi hamda jamoasini yarimfinalga olib chiqdi.
Endi Vetnam final ostonasida raqibini kutib o‘tiradi. O‘zbekiston – Xitoy bahsi g‘olibi yarimfinalda aynan Vetnamga qarshi maydonga tushadi. Demak, navbatdagi qadam — yanada qattiqroq to‘qnashuv, yanada katta bosim va finalga bir qadam qolgan pallada haqiqiy xarakter imtihoni.
U-23 Osiyo Kubogi. Chorak final
Vetnam – BAA 3:2
Gollar: Le Pat (39), Din Bek (63), Min (101) – Ndiaye (42), Menhali (68)
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!