date

Islom Ismoilov: «Neftchi» g‘alaba qozondi, ammo qiladigan ishlarimiz ko‘p

Islom Ismoilov: «Neftchi» g‘alaba qozondi, ammo qiladigan ishlarimiz ko‘p

Turkiyada yig‘in o‘tkazayotgan “Neftchi” klubi bugun navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini Sloveniyaning “Alyuminiy” jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Nazorat bahsi 2:1 hisobida farg‘onaliklarning foydasiga hal bo‘ldi va yig‘in jarayonidagi ishlarning ma’lum qismi to‘g‘ri yo‘lga tushayotganini ko‘rsatdi.

Uchrashuvdan keyin “Neftchi” bosh murabbiyi Islom Ismoilov klub matbuot xizmatiga fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, o‘yin umumiy jihatdan yomon o‘tmadi, raqib ham Sloveniya chempionatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jiddiy jamoalardan.

— Uchrashuvga to‘xtalsak, nazarimda, yaxshi bahs bo‘ldi. Raqib ham Sloveniyaning munosib jamoalaridan biri. Biz amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan ishlarimizni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yayapmiz. Qilmoqchi bo‘lgan g‘oyalarimizni futbolchilarimiz o‘qib chiqadigan oddiy bir kitob emas — bu jarayon vaqt talab qiladi. Biz jamoada juda ko‘p narsani o‘zgartirishga intilyapmiz. Shu bilan birga, futbolchilarga rahmat: maksimal darajada mehnat qilishdi, berilgan vazifalarni bajarishga urinishdi, — dedi Ismoilov.

Murabbiy ikkinchi bo‘limda yoshlarga kengroq imkoniyat berilganini ham alohida qayd etdi. Uning fikricha, bu — kelajak uchun muhim investitsiya, chunki yosh futbolchilarda ishonch va barqarorlik bosqichma-bosqich shakllanadi.

— Ikkinchi taymda ko‘proq yoshlarga imkoniyat berdik. Bu ham zarur. Jamoadagi yoshlar o‘zlariga ishonchni asta-sekin kuchaytirib borishi kerak. Shu sabab har o‘yinda ularga ham imkoniyat berishga harakat qilayapmiz. Bugun tarkibimizda 6 nafar 17–18 yoshdagi yigitlar to‘p surishdi. Albatta, bu klub kelajagi uchun foydali, — deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, legionerlar masalasiga ham to‘xtalgan Ismoilov, ayrim futbolchilarning holati aniqlashib borayotganini bildirdi. Ratino jarohatidan keyin tiklanish bosqichida, Nimeli esa viza bilan bog‘liq muammolarni hal qilib, nihoyat jamoa safiga yetib kelgan.

— Qolgan legionerlarga kelsak, Ratino jarohatidan keyin endi tiklanish jarayonida. Nimeli viza muammolarini hal qildi va bugundan jamoaga qo‘shildi. Ular ham yaqin orada to‘liq moslashib ketadi, — dedi bosh murabbiy.

Eng muhimi, Ismoilov natijadan qoniqish borligini tan olgan holda, o‘yin sifatidan hali to‘liq rozi emasligini ochiq aytdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa hozirgi tarkibi bilan bundan ancha yuqori darajada futbol ko‘rsata oladi. Ammo yangi g‘oyalar va yangi talablarni jamoa ichiga “singdirish” uchun vaqt va sabr kerak.

— O‘yindan to‘liq qoniqqanimiz yo‘q. Qiladigan ishlarimiz ko‘p. O‘yin sifatini yaxshilashimiz shart. Futbolchilarimiz istasa, bundan 3–4 barobar yaxshi o‘yin ko‘rsata oladi. Hozir biz g‘oyalarimizni ularga joylashtirish uchun vaqtga muhtojmiz. Ularga ham murabbiylar shtabi va men talab qilayotgan yangi uslubni tushunib olish uchun muddat kerak. Sababi, jamoa uch yil davomida bir xil sxema va bir xil ruhda harakat qilgan. Endi shu odatdan chiqib ketish — katta mehnat va vaqt talab qiladi. Lekin biz to‘xtab qolmaymiz. Xudo xohlasa, jamoa mavsumga eng optimal formada yetib keladi, — deya so‘zini yakunladi mutaxassis.

Qisqasi, “Neftchi” yig‘inda natija ham ko‘rsatyapti, ichida esa katta o‘zgarishlar jarayoni ketyapti. Endi asosiy masala — shu o‘zgarishlarning maydondagi sifati tezroq barqaror ko‘rinishga kirishi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Islom Ismoilov: «Neftchi» g‘alaba qozondi, ammo qiladigan ishlarimiz ko‘p