5 402
Alisher Aminov: «O‘zbek futbolini oyoqqa turg‘azish uchun qo‘limdan kelgan barcha yordamni berishga tayyorman»
Rossiyaning «Mk.ru» nashri Rossiyada faoliyat olib borayotgan futbol mutaxassisi va tahlilchisi Alisher Aminovning maqolasini chop etdi. O‘zbekistonda tavallud topgan Aminov 2010 yil Rossiya futbol ittifoqi prezidentligi uchun nomzod bo‘lgandi. Biroq keyinchalik tashkilot prezidentligi Vitaliy Mutkoga nasib qilgan. O‘z maqolasida Alisher Aminov O‘zbekiston futboli va undagi muammolarga to‘xtalib o‘tgan. Bunda u vaziyatni MDH mamlakatlaridagi holat fonida tushuntirishga harakat qilgan.
- Sobiq Ittifoq mamlakatlarida futboldagi ahvol bir-biriga o‘xshash. Bunda asosiy jihat hokimiyatning futbolga aralashuvida ko‘rinadi. Muammolar ildizi shundan boshlanadi va bu oxir-oqibat sportdagi natijaga salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Yaqindan bilganim uchun mazkur holatni O‘zbekiston misolida ko‘rib chiqaman.
Muammolar tizimli harakterga ega. O‘zbekiston futbol federasiyasiga 1991 yildan buyon asosan davlat amaldorlari rahbarlik qilib keldi. Faqatgina Osiyo qit’asining o‘zida shunga o‘xshash mamlakatlar o‘ndan ziyodni tashkil qiladi. FIFA esa so‘nggi yillarda bu kabi muammolarga panja ortidan qaradi. Tashkilot o‘z nizomlariga ters o‘laroq milliy assosiasiyalar ishiga davlat organlarining aralashuvini ko‘rmaganlikka oldi.
Bunda saylovlarni bemalol qo‘shtirnoq ichiga olish mumkin. Federasiya prezidentini futbol jamoatchiligi emas, balki davlatning o‘zi tanlab beradi. Bu kabi holat Sobiq Ittifoq mamlakatlarining deyarli hammasida kuzatiladi. Jumladan, O‘FFda ham demokratik prinsiplar va jamoatchilik fikri shakllangan deb bo‘lmaydi.
Aminovning fikriga ko‘ra, futboli rivojlangan mamlakatlar biroz boshqa yo‘ldan yurmoqda.
- Demokratiya va oshkoralik samarali faoliyatning asosiy mezonlaridir. Futboli rivojlangan mamlakatlar o‘z ishini aynan shu prinsiplar asosida tartibga soladi. U yoki bu muammo avvaliga ichshi guruhlar yordamida ko‘rib chiqiladi, keyinroq esa muhokama uchun qo‘mitaga taqdim etiladi. Yakunda o‘sha masala qo‘mita yig‘ilishida o‘rganiladi. Bunda tashkilot prezidentining ovozi qolganlarniki kabi faqatgina 1 taga teng, ortiq emas.
O‘FFda esa so‘nggi vaqtlarda bunday bo‘lmadi. Kadrlar tanlovi, xususan, milliy terma jamoaga bosh murabbiy tayinlash masalasini ham shaxsan tashkilot prezidentining o‘zi hal qildi. Taklif kiritishi va prezident uni tinglashi kerak bo‘lgan murabbiylar uyushmasi esa shunchaki dahlsiz sinf sifatida qolib ketaverdi. Shunga qaramay, salbiy natijalar uchun prezidentning o‘zi emas, balki mutaxassislar balogardon bo‘ldi. Mamlakat bosh terma jamoasining JCh—2018 yo‘llanmasidan ehtimoliy quruq qolishi yakunda kadrlar tayyorlash bo‘yicha professor, atoqli mutaxassis Rustam Akramovning umrbod futboldan chetlatishi bilan tugashi mumkinligi haqidagi va’dani eslatishning o‘zi kifoya. Bu kabi holat dunyo tajribasida hozircha kuzatilmagandi. Agar Akramov FIFA yoki OFK ahloq qo‘mitasiga shikoyat arizasi yozganida, bu tashkilotlar sanksiyasi bir muncha og‘ir bo‘lishi mumkin edi. Biroq professor bunday yo‘l tutmadi.
Alisher Aminov millionlar o‘yini uchun sarf etilayotgan pullar hisobli bo‘lishi kerakligi va federasiya qoshida futbolchi hamda murabbiylarni yuridik tomondan himoya qiluvchi tashkilot tuzilishi kerakligiga urg‘u bergan.
- Qo‘mitalar faoliyati shaffof harakterga ega emas. Misol uchun O‘FFning moliyaviy hisoboti sir tutiladi. Hattoki, tashkilot a’zolarining o‘zi ham bu haqda etarlicha ma’lumotga ega emas.
Jiddiy savollarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan masalalarga echim topishda yuridik organlarga ehtiyoj seziladi. O‘zbekistonda na futbolchilar va na murabbiylarning kasaba uyushmasi mavjud. Ularning huquqlarini himoya qilish esa muhim ahamiyat kasb etadi. O‘z-o‘zidan futbolning asosiy sub’ekti bo‘lgan futbolchi va murabbiylarning qiziqishlari O‘FF tomonidan inkor etiladi. Natijada bu firqalar o‘z huquqini himoya qila olmaydi. Bundan foydalangan klub rahbarlari kelishuvlarni oson buzish imkoniyatiga ega. Chunki jabrlanuvchilar bu borada hech qaerga murojaat qila olmaydi.
O‘zbekistonda xuddi Rossiyada bo‘lgani kabi futbol klublari davlat kompaniyalari yoki byudjeti mablag‘laridan moliyalashtiriladi. Masalan Rossiya futbol uchun har yili tahminan milliard evro sarflaydi. Bu pullarning katta qismi futbolchi va murabbiylarning maoshi yoki transfer harajatlari uchun sarf etiladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, klublarning o‘zi shu pulning 4 foizini ham ishlab topmaydi. Bu davlat pullari investisiya emasligi, balki cheksiz tuynukka uchib ketayotgan yo‘qotish ekanidan dalolatdir.
O‘zbekistonning professional klublari esa rossiyaliklardan 12 marta kamroq — tahminan 70 million evro yillik xarajat qiladi. Biroq shuning 2 foizini ham ishlab topa olmaydi. Aniqrog‘i, klublar foydasi haqida so‘z ochib ham bo‘lmaydi. Nega shunday?
A) Muxlislar futbolning pul keltirishi mumkin bo‘lgan sektori sifatida ko‘rilmaydi. Vaholanki viloyatlardagi ayrim stadionlarda muxlislar tashrifi qoniqarli;
B) Futbolning media sohasidagi ulushi deyarli «0» ga teng. Klublar teletranslyasiyalardan bir tiyin ham ishlab olmaydi;
S) Xususiy sektorning futbolga e’tibori katta emas. Chunki bu erda davlat moliyalashtiradigan sektorlar gegemonlik qiladi;
D) Menejment sohasi deyarli ishlamaydi. Na O‘FF, na ligalar, na o‘quv muassasalari futbol menejerlarini o‘qitishning zamonaviy dasturidan foydalanadi. Malakali sport yuristlari hech bir oliy o‘quv yurtidan etishib chiqmaydi.
Shunday xulosa qilish mumkin: O‘zbekistonda professional futbol inqiroz ko‘chasida: ligalar rivojlanish yo‘lida emas, klublar qat’iy maqsad va vazifalar yo‘lida faoliyat olib bormaydi, ularning kirim va chiqimi orasida dahshatli farq ko‘zga tashlanadi hamda tinimsiz ravishda davlat ko‘magiga ehtiyoj seziladi. Natijada raqobatbardosh futbolchilar tarbiyalab berish vazifasi sifatli bajarilmaydi.
Alisher Aminov O‘zbekiston futbolini rivojlantirish yo‘lida quyidagicha takliflar bergan.
- O‘FFga zamon talablariga javob beradigan yaxlit futbol markazi kerak. Uning ichida eng hamida 8—10 ta maydon, tiklanish markazi, mutaxassislar tayyorlash markazi, mehmonxona kompleksi bo‘lishi shart. Chunki bu eng asosiy parametrlardir.
Rossiya va O‘zbekiston futbolida yana bir umumiy muammo bor. O‘z vaqtida bu mamlakatlardagi ilmiy-metodik qo‘llanmalar jahonda eng ilg‘ori hisoblangan. Yaqin-yaqingacha Sobiq Ittifoq mamlakatlari shu qo‘llanmalardan foydalanib keldi, biroq zamonaviy mutaxassislar tayyorlash haqida hech kim o‘ylamadi. Masalan, Rossiyada ilmiy-metodik qo‘llanmalar chiqarish deyarli to‘xtadi. Chunki mamlakatda futbolni ilmiy-nazariy tomondan o‘rganadigan mutaxassislar qolmadi.
Bu borada O‘zbekistonning yurishi anchagina yaxshiroq edi. Tan olish kerak, qolgan mamlakatlar bilan qiyoslaganda biz murabbiylar tayyorlashga nisbatan jiddiyroq e’tibor berdik. O‘quv kurslaridan etishib chiqqan kadrlar borasida MDHning hech bir mamlakati O‘zbekiston bilan hisoblasha olmaydi. Biroq so‘nggi yillarda bu holatda ham oqsashlar kuzatildi.
Endi ta’lim uchun investisiya yo‘q, ilmiy-metodik yo‘nalish deyarli «o‘lik» holatda, federasiya murabbiylarni o‘qitish uchun ularni xalqaro kurslarga yubormaydi, jahon darajasidagi mutaxassislar ishini federasiya arzon baholaydi. Bu esa o‘zbek futbolini zamonaviy tendensiyalardan uzoqlashtirdi. Buning orqasidan malakali kadrlar yo boshqa ishga o‘tib ketdi yoki mamlakatni butunlay tark etdi.
Futbol tahlilchisi maqolasining so‘nggida O‘FFga qo‘lidan kelgancha yordam berishga tayyor ekanini bildirgan.
- O‘zbek futboli har doim o‘z yuziga ega bo‘lgan. Sobiq Ittifoq terma jamoasi tarkibida bu mamlakatning bir qator futbolchilari to‘p surib, raqobatda yutib chiqqan: Gennadiy Krasniskiy, Yuriy Pshenichnikov, Birodar Abduraimov, Vladimir Fyodrov, Mixail An, Vasilis Xadzipanagis kabi nomlarni eslashning o‘zi kifoya.
Qaytarib aytaman, mamlakat futbolining rivoji O‘FF va ichki chempionat faoliyatining samaradorligi bilan bevosita bog‘liq. Hech bir jahon darajasidagi murabbiy unga millionlar to‘lagan taqdiringda ham milliy terma jamoa uchun natija qilib bera olmaydi, agar futbol tizimi va federasiya faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmasa. To‘g‘ri, buning ichida alohida muvaffaqiyatlar ham bo‘lishi mumkin. Biroq bu o‘zining tizimli harakteriga emas, balki kutilmaganlik holatiga ega bo‘lib qolaveradi.
O‘zbekiston futbolini oyoqqa turg‘azish uchun qo‘limdan kelgan barcha yordamni berishga va bor kuchim bilan ishlashga tayyorman. O‘zbekiston — mening vatanim. Men shu erda tug‘ildim, ulg‘aydim, ta’lim oldim. Rustam Akramov, Elmar Aminov, Gennadiy Krasniskiy kabi insonlardan futbol asrorlarini o‘rgandim.
Qaytarib aytaman, ish samarasi mamlakat rahbariyati futbolda jiddiy o‘zgarishlarni istagan taqdiridagina ko‘rinishi mumkin. Buni esa to‘g‘ri tushunmoq kerak.
Alisher Aminov, futbol mutaxassisi
Manba: daryo.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Qashqadaryoda erkak ayoli va chaqalog‘ini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qildi
Bayden hozircha Ukrainani NATOga taklif etishga chaqirmaslikka qaror qildi
Oq uy Ukrainaga Rossiya hududiga ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
Sharmandali mag‘lubiyatdan keyin murabbiy futbolchilarni qamab qo‘ydi
Gavining qilig‘i Flikka yoqmadi: “Aql o‘rgatishni senga kim qo‘yibdi?”
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
Yangi Zelandiyada maori qabilasi oqsoqolining portreti auksionda rekord narxda sotildi