22 yoshli chegarachi o‘zini otib qo‘ydi

Joriy yilning 7 aprel kuni Qirg‘izistonning O‘sh shahri hududida joylashgan Irkeshtam chegara postida 22 yoshli harbiy xizmatchi o‘z joniga qasd qilishga uringan.
Bu haqda “Turmush” axborot manbasi xabar tarqatgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shartnoma asosida xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchi bosh qismiga o‘q teggan holda Nura qishlog‘idagi tibbiyot muassasasiga yetkazilgan. U yerda dastlabki shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng, u tezlik bilan tuman markazi hisoblangan Gulcha shahridagi shifoxonaga ko‘chirilgan.
Shifokor Doyirbek Qodirov jabrlanuvchining sog‘lig‘i haqida ma’lumot bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shlik mutaxassislar tomonidan chegarachida bosh miyasi bo‘yicha shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
Dastlabki ma’lumotlarda qayd etilishicha, o‘q jag‘ qismiga tegib, ko‘z atrofidagi qon tomirlari yonidan chiqib ketgan. Hozirda bemor koma holatida, sun’iy nafas olish apparatiga ulangan va uning ahvoli juda og‘ir deb baholanmoqda.
Hozir voqea yuzasidan ekspertiza tayinlangan bo‘lib, harbiy prokuratura tomonidan sabablarni aniqlash maqsadida tergov ishlari olib borilmoqda. Davlat chegara xizmati ma’lumotiga ko‘ra, harbiy xizmatchi I.A. tomonidan AK-74 avtomat qurolidan o‘q uzilgan. Ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi ham boshlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!