Fabio Kannavaro: Jahon chempionatida jamoamiz taslim bo‘lmaydi, kurashadi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro “Prime Video Sport IT” YouTube kanaliga bergan intervyusida Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni haqida batafsil fikr bildirdi.
Uning taʼkidlashicha, mundialga qayta chiqish — katta masʼuliyat va kuchli bosim bilan bog‘liq tajriba.
“Jahon chempionatiga qaytish nima ekanligi haqida keyinroq gapirsam ham bo‘ladi. Hozir esa to‘liq tayyorgarlik jarayonidaman. Futbolchilarga imkon qadar ko‘proq maʼlumot berishga harakat qilyapman, chunki bu ular uchun birinchi bunday tajriba,” — dedi u.
Kannavaro mundial bosimi yuqori ekanini alohida urg‘ulab, jamoani ruhan tayyorlash muhimligini aytdi.
“Jahon chempionati — juda katta bosim. Shuning uchun futbolchilar maydonga ‘yo‘qotadigan hech narsamiz yo‘q‘ degan kayfiyat bilan chiqishi kerak. Bu juda muhim psixologik jihat,” — dedi murabbiy.
U O‘zbekiston terma jamoasini real baholab, jamoaning asosiy kuchi mehnat va intizom ekanini qayd etdi.
“Biz hali katta favorit emasmiz. Chempion bo‘lish darajasidagi jamoa emasmiz. Lekin biz mehnatkash, har qanday raqibga qiyinchilik yarata oladigan jamoamiz,” — dedi Kannavaro.
Shu bilan birga u futbolchilardan taslim bo‘lmaslik ruhini talab qilayotganini ham aytdi.
“Men shunday o‘yinchilarni mundialga olib borishni istaymanki, ular hech qachon taslim bo‘lmasin. Bu eng asosiy prinsip,” — deya taʼkidladi u.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifa — debyut o‘yindagi bosim va qo‘rquvni yo‘qotish.
“Mening vazifam — birinchi o‘yindagi bosimni olib tashlash. Faqat shu o‘yinda. Keyin hammasi yengilroq bo‘ladi,” — dedi u.
Kannavaro jamoaning guruh bosqichi juda qiyin bo‘lishini ham yashirmadi.
“Biz juda murakkab guruhdamiz. Bir ochko ham katta natija bo‘lishi mumkin. Lekin hammasini maydon ko‘rsatadi,” — dedi u.
U shuningdek, Italiyadan ko‘plab muxlislar qo‘llab-quvvatlashini his qilayotganini aytdi.
“Ko‘p italiyaliklar biz uchun quvonadi. Lekin eng muhimi — bu O‘zbekistonning birinchi mundiali,” — dedi murabbiy.
Yakunda esa u kelajakdagi Osiyo Kubogi haqida ham fikr bildirdi.
“Mundialdan keyin tez orada Osiyo Kubogi ham bor. U Saudiya Arabistonida o‘tadi. U yerga biz zavq olish va yana o‘sish uchun boramiz,” — deya so‘zini yakunladi Kannavaro.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!