Erling Xoland Abduqodir Husanov haqida iliq fikr bildirdi (video)

Erling Xoland Abduqodir Husanov haqida samimiy va iliq fikrlar bildirib, o‘zbek himoyachisining “Manchester Siti”dagi o‘yinini yuqori baholadi. Norvegiyalik hujumchi uning tez moslashuvi va bosim ostidagi barqaror o‘yinini alohida taʼkidladi.
22 yoshli Abduqodir Husanov joriy mavsumda "Manchester Siti" safida ishonchli o‘yin ko‘rsatib, asosiy tarkibda o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. U ayniqsa “Chelsi”ga qarshi 3:0 hisobidagi safar g‘alabasida jamoaga katta hissa qo‘shgani bilan eʼtibor tortdi.
O‘sha uchrashuvdan keyin Erling Xoland jamoadoshini mehmonlar sektori tomon olib borib, muxlislar bilan birga g‘alabani nishonlashga undagani ham alohida kayfiyat yaratdi. Liga kubogi finalida ham u Husanovni kubok bilan muxlislar oldiga chiqishga rag‘batlantirgan.
Xolandning aytishicha, Husanov uchun Premyer-ligaga moslashish oson bo‘lmagan — yangi mamlakat, yangi til va kuchli bosim. Lekin shunga qaramay, u o‘zini yo‘qotmagan va tezda yuqori darajadagi futbolga chiqib olgan.
- "Men Husanov bilan bo‘lgan holatni eslayman, chunki Abduqodir bizning jamoada hayratlanarli va ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda. Unga oson bo‘lmadi, u yangi mamlakatga keldi, tilni bilmasdi. Bu barcha jihatdan qiyin edi. Abduqodir katta bosim ostida qoldi, Premyer-ligadagi birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi", - dedi Xoland.
Norvegiyalik yulduzning taʼkidlashicha, u jamoada yosh futbolchilarga yordam berishni muhim deb biladi, chunki o‘zi ham bunday bosqichlarni boshdan kechirgan. Bu munosabat esa Husanovning ishonchini yana-da oshirmoqda.
- "Men uchun boshqalarga yordam berish muhim, chunki ular o‘zlarini qanday his qilishini bilaman va baʼzida bu biroz qiyin bo‘lishi mumkin. Ularni o‘zlarini qulay his qilishlari uchun harakat qilish muhim", - dedi Xoland Sky Sports nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tish joiz, Abduqodir Husanov 2025 yil yanvarda "Manchester Siti"ga o‘tib, tez orada jamoaning asosiy figuralaridan biriga aylangan. U allaqachon Angliya ligasi kubogini qo‘lga kiritgan va mavsum davomida ikki marotaba oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!