Antuan Semenyo 72 mln yevroga Manchester Sitiga o'tdi

Ganalik hujumchi Antuan Semenyo "Manchester Siti" safiga qo‘shildi. Klub matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, futbolchi bilan tuzilgan shartnoma 2031 yil yozigacha mo‘ljallangan. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
OAVdagi dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, transfer qiymati 72 mln yevroni tashkil etgan. Semenyo "shaharliklar" safiga o‘tishini izohlar ekan, o‘zida yanada o‘sish uchun katta imkoniyat borligini, shu bosqichda aynan ushbu klubda bo‘lish uning faoliyati uchun eng maqbul tanlov ekanini ta’kidladi.
U bungacha 2023 yil yanvar oxiridan 2026 yil yanvar boshigacha "Bornmut" sharafini himoya qilgan. Semenyo bu jamoa tarkibida 110 uchrashuvda maydonga tushib, 32 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan.
Ganalik futbolchining professional yo‘li 2018 yilda "Bristol" yoshlar jamoasidagi debyutidan boshlangan. Keyinchalik u "Sanderlend", "Nyupord" va "Bat Siti" kabi klublarda ham to‘p surgan.
9 yanvar holatiga ko‘ra, "Manchester Siti" Angliya Premer-ligasida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Turnir jadvalida "Arsenal" yetakchilik qilmoqda, kuchli uchlikni "Aston Villa" yakunlab turibdi. Semenyo avval o‘ynagan "Bornmut" esa 15-pog‘onada joylashgan bo‘lib, uning yonida mos ravishda 14- va 16-o‘rinlardagi "Tottenhem" hamda "Lids" turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!