date

Gvardiola “Brayton”ga qarshi o‘yindan oldin Husanovni tilga oldi

Gvardiola “Brayton”ga qarshi o‘yindan oldin Husanovni tilga oldi

Angliya Premer-ligasining 21-turida jadvalda ikkinchi o‘rinda borayotgan “Manchester Siti” o‘z maydonida “Brayton”ni qabul qiladi. “Etihad”dagi bu bahs “shaharliklar” uchun oddiy uch ochkodan ham kattaroq ahamiyatga ega: jamoa yangi yildagi ilk g‘alabasini nishonlashni, muxlislarning kayfiyatini ham, chempionlik poygasidagi ishonchni ham qayta “qo‘lga olish”ni istayapti.

Xosep Gvardiola shogirdlari 2026-yilning dastlabki ikki uchrashuvida — “Sanderlend” va “Chelsi”ga qarshi o‘yinlarda durang qayd etdi. Natijada jamoa to‘rt ochkodan quruq qoldi va peshqadam “Arsenal” bilan oradagi masofa olti ochkogacha uzaydi. Chempionatda har bir tur “final”ga aylanib borayotgan bir paytda bunday yo‘qotishlar juda qimmatga tushishi mumkin.

Biroq bu safar “Siti”ning oldidagi muammo faqat raqib emas. Uchrashuv oldidan jamoada kadrlar tanqisligi sezilyapti va Gvardiolaga vaziyatdan chiqish uchun har doimgidek tezkor qarorlar topishga to‘g‘ri keladi.

"Brayton"ning “beqarorligi” xavfli

“Brayton” joriy mavsumda o‘yinda bir xil barqarorlikni ushlab tura olmayotgandek: ular hozirgacha 7 g‘alaba, 7 durang va 6 mag‘lubiyat qayd etgan. Ammo bu raqamlar hech kimni aldamasin: Fabian Xyurseler jamoasi kuchli oltilikdagi ikki raqibni mag‘lub etgan. Eng qizig‘i, birinchi davrada “Brayton” aynan bugungi raqib — “Manchester Siti”ni ham, “Chelsi”ni ham taslim qilgan.

Ya’ni, “Brayton”ning “syurpriz”i bor. Va bu syurpriz odatda katta jamoalarga qarshi chiqib qoladi.

Tarkibdagi yo‘qotishlar: "Siti"ga og‘ir, "Brayton"ga ham oson emas

“Manchester Siti”da tarkib masalasi haqiqatan ham og‘riqli nuqtaga aylangan.

Avvalo, Umar Marmush va Rayan Ayt-Nuri hali ham Marokashda o‘tayotgan Afrika Millatlari kubogida. Ular ishtirok etayotgan Misr va Jazoyir terma jamoalari pley-offga chiqqan, shu sababli har ikki futbolchi “Etihad”dagi bahsda maydonga tushmaydi.

Bundan tashqari, Savino, Jon Stounz, Mateo Kovachich va Oskar Bobb jarohatlari sabab “Brayton”ga qarshi o‘yinda yordam bera olmaydi — ularning qaytish muddati hali aniq emas.

Oxirgi o‘yinda shikastlangan Ruben Diash son orqa mushaklaridagi muammo sabab taxminan olti haftagacha safdan chiqdi. Yoshko Gvardiol esa boldir suyagini sindirib olgani aytilmoqda va xorvatiyalik himoyachi uchun mavsum tugagani haqida xabarlar bor.

Shu bilan birga, Gvardiolaning so‘zlariga ko‘ra, Niko Gonsales o‘zini yaxshi his qilyapti va ushbu bahsda ishtirok etishi mumkin. U Rodri o‘rniga ilk daqiqalardan o‘ynashi yoki zaxiradan qo‘shilishi ehtimoli bor.

“Brayton” safida ham yo‘qotishlar bor: Adam Vebster og‘ir jarohati tufayli mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuboradi. Hujumchilar Stefanos Simas va Yankuba Mintex ham bu o‘yinda jamoaga yordam bera olmaydi.

O‘zaro o‘yinlar: oxirgi uch bahsda “Siti”ga qiyin

Birinchi davrada “Brayton” o‘z maydonida 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. O‘sha bahsda Erling Xolandning goliga “Siti”ning sobiq futbolchisi Jeyms Milner va Brayan Gruda javob qaytargan edi.

Qizig‘i, “Manchester Siti” bu raqibga qarshi so‘nggi uch uchrashuvda g‘alaba qozona olmagan: ikki mag‘lubiyat va bir durang. “Siti”ning “Brayton” ustidan oxirgi yirik g‘alabasi 2024-yil aprelida qayd etilgan — o‘shanda Fil Foden dubl qayd etgan, Kevin De Bryuyne hamda Xulian Alvares ham gol urgan va hisob 4:0 bo‘lgan.

Umumiy tarixga qarasak, jamoalar 35 marta to‘qnash kelgan: “Siti” 21 bor g‘alaba qozongan, “Brayton” 8 marta. Bu o‘yinlarda manchesterliklar 76 ta gol urgan, 37 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.

Gvardiola: “Uddalaymiz, albatta!”

Uchrashuv oldidan Xosep Gvardiola vaziyatni yashirmadi: kimlar yo‘q, kimlar qaytdi — barchasini ochiq aytdi. U markaziy himoya uchun Abduqodir Husanov va Natan Ake qaytganini, shuningdek, Maks Alleyn “Uotford”dan ijaradan qaytarilganini ta’kidladi va bu borada “Uotford”ga minnatdorlik bildirdi.

Ispaniyalik murabbiy “Arsenal” haqida ham to‘xtalib, peshqadam jamoa so‘nggi ikki-uch mavsumda yanada kuchayib borayotganini aytib o‘tdi. Lekin muhimi — uning umumiy kayfiyati: “Xo‘sh, uddalay olamizmi? Albatta!”, degan ruhda.

Hulosa shu: “Siti”da muammo ko‘p, ammo bu klubning tabiati ham shunday — qiyin paytda ham yo‘l topadi. Endi esa o‘sha “yo‘l” g‘alabaga olib chiqsa, muxlislar uchun yangi yil ham rasman boshlanadi.

Uchrashuv qachon?

“Manchester Siti” — “Brayton” bahsi 7-yanvardan 8-yanvarga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 00:30 da start oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Gvardiola “Brayton”ga qarshi o‘yindan oldin Husanovni tilga oldi