date

Nemanya Matich sobiq jamoadoshi Ronaldu haqida: u kelsa, bosim oshardi

Nemanya Matich sobiq jamoadoshi Ronaldu haqida: u kelsa, bosim oshardi

«An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu haqida bu safar uning sobiq jamoadoshi — Nemanya Matich iliq xotiralarini bo‘lishdi. «Manchester Yunayted» safida portugaliyalik yulduz bilan birga to‘p surgan tajribali yarimhimoyachi Ronalduning maydondagi ta’siri, inson sifatidagi fazilatlari va jamoaga olib kirgan ruhiyati haqida gapirdi.

Matichning ta’kidlashicha, Ronaldu kabi futbolchi bilan bir jamoada bo‘lish — nafaqat o‘yin, balki har kuni yangi narsa o‘rganish demak.

«U bilan bir jamoada bo‘lish, birga o‘ynash va har kuni nimanidir o‘rganish men uchun katta baxt edi. Uning Manchesterga qaytishi o‘zgacha lahza bo‘ldi», — deydi Matich.

U Ronalduning klubga qaytgan davrini alohida ehtiros bilan eslagan. Chunki portugaliyalik maydonga tushgan zaxoti atmosfera ham o‘zgarar, jamoada bosim darajasi sezilarli oshar edi. Matich buni juda oddiy, lekin juda aniq misol bilan tushuntirdi: ayniqsa yosh futbolchilar ko‘pincha to‘pni Ronalduga uzatishga shoshilar, hatto bu eng to‘g‘ri qaror bo‘lmagan vaziyatlarda ham.

Ya’ni, Ronaldu bor joyda hamma uning ta’sirini his qiladi: raqib ham, jamoadosh ham. Bunday futbolchi maydonda bo‘lsa, hamma bir lahzada “plan B”ni ham unutib qo‘yadi — chunki “Ronaldu hal qiladi” degan ishonch avtomatik ravishda ishlay boshlaydi.

Matich Ronalduning inson sifatidagi qiyofasiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, Krishtianu har doim kayfiyati baland, ruhan tetik, atrofdagilarga pozitiv tarqatadigan odam bo‘lgan. Negativni yoqtirmas, tushkunlikni ko‘rsatmas, jamoaga “og‘ir energiya” olib kirmas ekan.

«U — ajoyib inson. Har doim yaxshi kayfiyatda bo‘lardi, hech narsada negativlik ko‘rsatishni istamasdi va, ehtimol, aynan shu fazilatlari tufayli faoliyatida yutuqlarga erishgan», — deydi Matich.

Shu bilan birga, sobiq yarimhimoyachi muhim bir fikrni ham yashirmadi: Ronaldu «Yunayted»ga qaytgan paytda uning “eng yuqori cho‘qqisi” allaqachon orqada qolganini uqtirdi. Ammo bu gap hech qanday kamsitish emas — aksincha, real baho. Chunki Matich baribir u bilan bir maydonda bo‘lganidan faxrlanishini, bu faoliyatidagi esda qolarli sahifa ekanini ta’kidladi.

Nemanya Matich hozirda «Sassuolo»da to‘p surayotgan bo‘lsa-da, «Old Trafford»dagi xotiralar — ayniqsa Ronaldu bilan bog‘liq lahzalar — hali ham uning qalbida alohida o‘rin egallaydi.

Xulosa bir gap: Ronaldu maydonga tushsa, faqat o‘yin emas — butun muhit o‘zgaradi. Bosim ham oshadi, ishonch ham. Va Matich aytganidek, buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar yaxshi biladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Nemanya Matich sobiq jamoadoshi Ronaldu haqida: u kelsa, bosim oshardi