Arbeloa Mourinyu boshqaruvidagi Benfika bilan o'yinni kutmoqda

Madridning «Real» jamoasi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Chempionlar ligasida «Benfika»ga qarshi bo'ladigan uchrashuv oldidan fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
O'yin Lissabonda umumiy bosqichning so'nggi turi doirasida 28-yanvar, chorshanba kuni bo'lib o'tadi. «Burgutlar»ni hozir Joze Mourinyu boshqarmoqda, u yaqinda «Real»ga qaytishi mumkinligi haqida ham gap-so'zlar tarqalgan edi.
«Maqsadimiz — kuchli sakkizlikdan joy olish. «Benfika» stadioni biz, madridchilar uchun har doim alohida ahamiyatga ega bo'lib qoladi», — deya Arbeloaning so'zlarini keltiradi Madrid Xtra.
Eslatib o'tamiz, 2014-yil may oyida Portugaliya poytaxtidagi «Eshtadiu da Lush» arenasida «qaymoqranglilar» Chempionlar ligasini o'ninchi bor yutib, finalda «Atletiko»ni 4:1 hisobida mag'lub etgandi. Hozirgi murabbiy Arbeloa o'shanda «Real» himoyachisi sifatida zaxirada qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!