Skoulz "Manchester Yunayted"ga Deklan Raysni sotib olishni maslahat berdi

"Manchester Yunayted" afsonasi Pol Skoulz klub rahbariyatiga yozgi transfer oynasida "Arsenal" yarim himoyachisi Deklan Raysni sotib olishni tavsiya qildi. Sobiq futbolchining fikricha, aynan ingliz futbolchisi jamoani tark etayotgan Kazemironing o'rnini munosib to'ldira oladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Skoulz ilgari Raysning o'yinlarini tanqid qilgan bo'lsa-da, endilikda o'z fikrini butunlay o'zgartirganini tan oldi. U 27 yoshli futbolchini "Old Trafford" uchun "orzudagi transfer" deb atadi va uni jamoaning o'rta chizig'idagi muammolarni hal qiluvchi asosiy bo'g'in sifatida ko'rsatdi.
«Men Deklan Raysni tanlagan bo'lardim. To'g'ri, uni biroz tanqid qilganman, lekin "Manchester Yunayted"ga aynan Rays kabi haqiqiy markaziy yarim himoyachi kerak», — dedi Skoulz podkastlardan birida.
Shuningdek, u klub istalgan yuqori saviyadagi futbolchini o'z safiga jalb qila olishiga ishonishini bildirdi.
Hozirda "Manchester Yunayted" tarkibni kuchaytirish uchun bir qator nomzodlarni, jumladan Adam Uorton va Sandro Tonalini ham ko'rib chiqmoqda. Deklan Rays esa ayni damda "Arsenal" safida Angliya Premyer-ligasi chempionligi uchun kurashni davom ettirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!