Scholly asoschisi Sallie Mae kompaniyasini sudga berdi

Scholly startapi asoschisi Kris Grey o'z kompaniyasini sotib olgan Sallie Mae bankini sudga berdi. Tadbirkor bank rahbariyatini uni nohaq ishdan bo'shatganlikda va foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini yashirincha sotishda ayblamoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Greyning ta'kidlashicha, bank Scholly ilovasi orqali to'plangan talabalarning yoshi, jinsi, irqi va moliyaviy holati haqidagi ma'lumotlarni uchinchi tomonlarga pullagan. Ushbu jarayon bank nazoratidan qochish uchun maxsus shuʼba korxonasi orqali amalga oshirilgani aytilmoqda.
Sallie Mae vakillari barcha ayblovlarni rad etib, ularni asossiz deb atadi. Bank rahbariyati sud jarayonida o'z pozitsiyasini himoya qilishini va sobiq xodimning da'volari haqiqatga to'g'ri kelmasligini ma'lum qildi.
Kris Grey 2023 yilda o'z loyihasini bankka sotganidan so'ng vitse-prezident lavozimida ishlagan. U ma'lumotlar maxfiyligi bo'yicha xavotirlarini bildirganidan bir yil o'tib ishdan bo'shatilganini da'vo qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!