"Arsenal" transfer oynasida 200 million funtdan ko'p mablag' sarfladi

"Arsenal" jamoasi joriy transfer oynasida o'zining faolligi bilan barchani hayron qoldirmoqda. Londonliklar Deklan Raysni "Vest Xem"dan 105 mln funt sterling evaziga sotib olib, klub rekordini yangiladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Shuningdek, tarkibga Kay Xaverts va Yurriyen Timber ham qo'shib olindi.
Klubning yozgi xarajatlari 200 mln funt sterlingdan oshib ketgan bo'lsa-da, bosh murabbiy Mikel Arteta transfer ishlari hali yakunlanmaganiga shama qildi. Mutaxassis kelasi mavsumda "Man Siti" bilan chempionlik uchun jiddiy kurashishni maqsad qilgan.
«Kuzataylik-chi. Bozorda hali vaqt ko'p, ba'zi futbolchilarimizga nisbatan ham kutilmalar bor.
Kelgusi haftalarda voqealar rivojini ko'ramiz. Biz doim hushyor turamiz, yangi kelishuvlar va ketishlar uchun imkoniyat bor», — dedi Arteta.
Hozirda jamoani Granit Jaka tark etib ulgurdi. Shuningdek, Florin Balogun va Tomas Parti kabi futbolchilarga boshqa klublar qiziqish bildirmoqda.
Nikolas Pepe va Sedrik Soaresh ham Artetaning rejalaridan o'rin olmagan ko'rinadi.
Yaqin haftalar "Arsenal" uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'ladi. Murabbiyning so'zlariga ko'ra, klub tarkibni yanada kuchaytirish va keraksiz o'yinchilardan voz kechish borasida faol ishlashda davom etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!