Al-Ittihod murabbiyi Benzema haqidagi gap-sozlarga izoh berdi

Juma kuni Karim Benzema «Al-Ittihod»ning navbatdagi o‘yinini o‘tkazib yubordi. OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, fransuz hujumchi klub taklif qilgan yangi shartnoma shartlaridan norozi bo‘lib, o‘zini kamsitilgandek his qilgani sabab maydonga tushishni istamagan. Aytilishicha, uzaytirish bo‘yicha taklifda moliyaviy bandlar juda past bo‘lgan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
38 yoshli futbolchining yo‘qligi yuzasidan jamoa bosh murabbiyi Serjiu Konseysau fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Benzema atrofidagi vaziyat bo‘yicha savollarni klub rahbariyatiga berish kerak.
«Bu masala bo‘yicha klubdan so‘rang. Men bu yerga jamoani mashg‘ulotlarga tayyorlash, o‘yinlarga hozirlash va sovrinlar yutish uchun kelganman. Qolgan ishlar mening vazifam doirasidan tashqarida. Shuni ayta olaman: Karim — katta professional, ajoyib futbolchi. Uni mashq qildirish men uchun faxr», — deya Konseysau so‘zlarini jurnalist Fabritsio Romano ijtimoiy tarmoqlarda keltirdi.
Hozirda «Al-Ittihod» Saudiya Arabistoni Pro-ligasi turnir jadvalida 6-o‘rinda bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!