Oʻzbekistonda 12 ball toʻplagan birinchi haydovchi jazo kutmoqda

Foto: YHXX eʼlon qilgan videodan olingan kadr
Oʻzbekistonda yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun joriy etilgan ball tizimi amalda oʻz taʼsirini koʻrsata boshladi. Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati maʼlum qilishicha, respublikada ilk bor jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchi aniqlandi va u haydovchilik huquqidan mahrum etilish arafasida turibdi.
Maʼlumotlarga koʻra, mazkur haydovchi jami 12,5 ball toʻplagan. Uning oʻzi ham bu holatga avval ishonmaganini tan olgan. “12 ballik tizim borligiga jiddiy qaramagan edim. YHXBga chaqirishdi, borib oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Endi ishim sudda koʻrib chiqiladi, guvohnomamdan ayrilishim mumkin”, — degan u.
Qayd etilishicha, ushbu holat Surxondaryo viloyatida qayd etilgan. Bu esa yangi tizim barcha hududlarda bosqichma-bosqich ishga tushganini koʻrsatadi.
Statistikaga nazar tashlasak, hozirda respublika boʻyicha yana 11 nafar haydovchining hisobida 8 dan 10 gacha jarima ballari mavjud. Ularning 5 nafari Toshkent shahrida, 3 nafari Surxondaryo viloyatida qayd etilgan. Shuningdek, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida ham bunday qoidabuzarlardan bittadan mavjud.
Eslatib oʻtish joiz, jarima ballari tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan. 2025 yil 1 iyundan boshlab YHX xodimlari tomonidan qoʻlda rasmiylashtirilgan bayonnomalar asosida balllar hisoblana boshlangan. 2026 yil 1 apreldan esa foto va videoradarlar orqali qayd etilgan ayrim qoidabuzarliklar uchun ham ball qoʻshish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Qonunchilikka koʻra, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 34-1-moddasiga asosan, bir yil davomida 12 ballga yetgan haydovchilar kamida 6 oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etiladi.
Shu tariqa, yangi tizim qoidalarga amal qilishni yanada qatʼiy nazorat qilishga qaratilgan. Endi savol — haydovchilar bu talablarga qay darajada moslashadi? Aks holda, jazo muqarrar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!