date

Nodirbek Abdusattorov: "Men bu turnirga Magnus borligi uchun keldim"

Nodirbek Abdusattorov: "Men bu turnirga Magnus borligi uchun keldim"

Shvetsiyaning Malmyo shahrida oʻtayotgan nufuzli TePe Sigeman klassik shaxmat turniri jahon grossmeysterlarini bir maydonga jamladi. Ushbu musobaqada Oʻzbekiston sharafini himoya qilayotgan Nodirbek Abdusattorov ilk turdanoq ishonchli oʻyini bilan eʼtiborni tortdi. Hamyurtimiz xitoylik Ju Jiner ustidan gʻalaba qozonib, turnirni muvaffaqiyatli boshladi.

Oʻyindan soʻng bergan intervyusida Abdusattorov partiyadagi muhim qarorlar va strategiya haqida fikr bildirdi. Uning taʼkidlashicha, debyut tanlovi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Raqibining uslubini oʻrganib chiqqan shaxmatchi Karo-Kann himoyasini tanlagan va bu qaror raqib uchun kutilmagan boʻlgan.

“U asosan e4 bilan oʻynaydi va yaxshi debyut repertuariga ega. Men Karo-Kannni tanladim, chunki u, ehtimol, boshqa variantlarni kutgan. Partiya davomida qoralar hech qanday muammoga duch kelmadi. Ayniqsa, ayrim pozitsion qarorlardan keyin tashabbus men tomonga oʻtdi”, — deya izoh berdi Abdusattorov.

Shuningdek, u pozitsion kurashda figuralar almashinuvi orqali ustunlikka erishganini taʼkidladi. Unga koʻra, figuralar kamaygan sari maydon kengayib, aniq reja — c5 hujumi amalga oshirilgan. Raqib esa vaqt tanqisligi sabab xatoga yoʻl qoʻygan va bu partiya taqdirini hal qilgan.

Abdusattorov soʻnggi vaqtlardagi barqaror natijalari haqida ham toʻxtalib oʻtdi. U London, Veyk-an-Zeye va Praga turnirlaridagi muvaffaqiyatlarni eslab, oʻz formasining siri — barqarorlik va muntazam oʻyin amaliyotida ekanini aytdi.

Eng qiziq jihat shundaki, oʻzbek grossmeysteri ushbu turnirga kelish sababini ochiq aytdi: “Men bu yerga Magnus Karlsen uchun keldim. U ishtirok etayotganini eshitganim zahoti kelishga qaror qildim”, — dedi u.

Maʼlum boʻlishicha, Abdusattorov va Karlsen uchinchi turda toʻqnash keladi. Hamyurtimiz bu partiyada qora dona bilan oʻynaydi, ammo bu holat uni qiyin ahvolga solmasligini taʼkidladi. Aksincha, bosim kam boʻlishi uning foydasiga ishlashi mumkin.

Shu tariqa, turnirning eng kutilgan partiyalaridan biri yaqinlashmoqda. Savol bitta: Abdusattorov Karlsenga qarshi ham oʻzining yuqori formasini saqlab qola oladimi? Shaxmat muxlislari javobni intiqlik bilan kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Nodirbek Abdusattorov: "Men bu turnirga Magnus borligi uchun keldim"