Zulya roli yulduzi Barchin Gʻofurova hayotidagi ogʻir sinovlar haqida soʻzlab berdi

“Baxt ovchisi” serialidagi Zulya obrazi orqali mashhur boʻlgan aktrisa va teleboshlovchi Barchin Gʻofurovaning haqiqiy ismi Umida hisoblanadi. Bolalik davrida otasi tark etgan Barchin bugungacha oʻsha davr jarohatlari bilan yashab kelmoqda. Onasi saraton kasalligiga duch kelgan, sevgan insoni tomonidan katta miqdordagi mablagʻlarga aldangan hamda tashqi koʻrinishi sabab turli haqoratlarga uchragan aktrisaning hayot yoʻli oson kechmagan. U salbiy rollari tufayli ayrim ayollar tomonidan hatto oʻldirish bilan tahdidlarga ham duch kelgan. Barchin Gʻofurova joriy yil 36 yoshni qarshi oldi.
“Raqqosa boʻlishimga ota-onam qarshilik qilgan”

1990 yilda Toshkent shahrida dunyoga kelgan Barchinning bolaligi Qashqadaryoda oʻtgan. U Qarshi shahridagi maktabda taʼlim olgan.
— Ota-onam asli qashqadaryolik, ammo men Toshkentda tugʻilganman. Bolaligimdan raqqosa boʻlishni orzu qilardim, biroq oila aʼzolarim bu kasbga qarshi chiqishdi. Hech boʻlmasa aktrisa boʻlishimga ruxsat beringlar deb, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining “Drama aktyorligi” yoʻnalishiga hujjat topshirganman. Afsuski, oʻsha yili kontrakt mablagʻini toʻlay olmaganim sabab oʻqishdan chiqarilganman. Keyingi yil yana hujjat topshirib, bu safar davlat granti asosida qabul qilinganman. Institutni tamomlab, Oʻzbekiston davlat Satira teatrida ham faoliyat yuritganman, deya eslaydi aktrisa.
“Ijarada yashash qiyinchiligini yaxshi bilaman”
Barchin talabalik yillarini eslar ekan, Saida Rametovaga xizmat qilib, u kabi aktrisa boʻlishni orzu qilganini aytadi.
— Oilada ikki farzandmiz. Ukam bilan bolaligimiz juda yaxshi oʻtgan. Afsuski, maktabni tugatish arafasida ukamda ogʻir kasallik aniqlandi. Onam uyimizni sotib, uni davolashga qaror qildi. Oʻsha kunlarni eslash juda ogʻir. Shukrki, ukam Pragada davolanib, butunlay sogʻaydi. Ammo ijara uylarda yashash oson emasdi. Rostini aytsam, moliyaviy qiyinchilik sabab darsdan keyin oshxonalarda ishlashimga toʻgʻri kelgan. Institut yonidagi “Gap” kafesida ofitsiant boʻlib ishlaganman. U yerning doimiy mehmonlaridan biri aktrisa Saida Rametova edi. Men ham u kabi aktrisa boʻlishni orzu qilardim. Orzuim Ozod Shamsning “Ishq oʻyinlari” seriali orqali amalga oshdi, deydi Barchin Gʻofurova.
“Zulya rolini ijro etayotgan paytda onam ogʻir kasallikka chalindi”

“Baxt ovchisi” serialining Zulya Bositovna obrazi orqali keng ommaga tanilgan aktrisa bu rolni qabul qilish sababi va syomka jarayonida onasining kasallikka chalingani haqida soʻzlab berdi.
— Bu serialga taklif tushgan vaqtda moliyaviy ahvolimiz ogʻir edi. Hatto uyda yegulik topilmaydigan paytlar edi. Onam bilan maslahatlashib, rolga rozi boʻldim. Birinchi mavsum uchun kunlik gonorar 233 ming soʻm etib belgilangan. Keyin oshirishga vaʼda berishgan, ammo bu amalga oshmadi. Shunga qaramay, rolimni yaxshi koʻrganim uchun norozi boʻlmadim.
Birinchi mavsum katta muvaffaqiyatga erishgan paytda onamning ahvoli yomonlashib, unga saraton tashxisi qoʻyildi. Davolanish katta mablagʻ talab qilardi. Shu sabab ikkinchi mavsumda gonorarni oshirishni soʻradim. Bu talabim hammaga yoqmadi, hatto meni roldan olish masalasi ham koʻtarildi. Ammo ayrim rahbarlar qoʻllab-quvvatlaganidan keyin ishimni davom ettirganman, deydi aktrisa.
“Haqoratlar sabab operatsiya qilishga qaror qildim”

Barchin tashqi koʻrinishi sabab boʻlgan tanqidlar tufayli oshqozonni kichraytirish amaliyotini oʻtkazganini maʼlum qildi.
— Bu qarorni qabul qilish oson boʻlmadi. Ammo buni qilmasam, ruhiy holatim yanada yomonlashardi. Ijtimoiy tarmoqlardagi haqoratli izohlar meni shu qarorga olib keldi, deydi u.
Aktrisa operatsiyadan oldin 88 kilogramm vaznda boʻlgan. Amaliyot muvaffaqiyatli oʻtgan boʻlsa-da, tiklanish jarayoni oson kechmagan. Shunga qaramay, u bugungi qomatidan rozi.
“Qulogʻimga oʻzingni oʻldir degan ovozlar kelardi”
Barchin bir necha yil avval ismini oʻzgartirishga sabab boʻlgan ogʻir davr haqida ham gapirdi.
— Ilgari ismim Umida edi. Maʼlum sabablarga koʻra uni Barchinga oʻzgartirganman. Bir yigit bilan 9 yil munosabatda boʻlganman, ammo uning oilasi meni qabul qilmagan. Shu sabab turli “issiq-sovuq” ishlar qilingan. Bu holatdan keyin ruhiy jihatdan ogʻir ahvolga tushganman, hatto oʻz jonimga qasd qilishga urinishlar ham boʻlgan. Qulogʻimga “oʻzingni oʻldir” degan ovozlar eshitilardi, deydi aktrisa.
“Firibgar yigitga ishonib katta xatoga yoʻl qoʻyganman”

Aktrisa sevgida aldangani va topgan mablagʻlarini yigitga berganini ham ochiq aytdi.
— U bilan oila qurishni rejalashtirganmiz. Ammo keyinchalik uning haqiqiy yuzini bildim. U hatto onamning kasallik hujjatlaridan foydalanib, odamlardan pul soʻraganini koʻrib, qattiq ranjidim. Shu voqeadan keyin yana ishonchim sindi, deydi Barchin.
“Men boy insonning farzandi emasman”
Barchin Gʻofurova hayotdagi yagona tayanchi onasi ekanini taʼkidlaydi.
— Baʼzilar oʻylagandek, boy insonning qizi emasman. Faqat aktyorlik orqali daromad qilaman. Onam bilan ijara uyda yashaymiz. Ukam xorijda, baʼzan yordam beradi, deydi aktrisa.
“Hayotimda erkak yoʻq, oʻzimga oʻzim tayanchman”

— Hozircha hayotimda erkak yoʻq. Oʻzimga oʻzim suyanaman. Sevgi, xiyonat va alamli holatlardan charchadim, deydi Barchin Gʻofurova.
Aktrisa shuningdek, otasi bilan munosabatlari haqida ham toʻxtalib, uzoq yillardan soʻng u bilan uchrashgani va hozirda aloqalar yaxshilanganini aytadi.
— Bolaligimdagi eng katta orzuim muzlatkichni toʻldirish edi. Bugun esa shu maqsadimga erishganman, deydi aktrisa.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!