Martynovich Haverts bilan uchrashuvdagi kulgili suhbatni esladi

«Kairat» futbolchisi Aleksandr Martynovich Chempionlar ligasidagi «Arsenal»ga qarshi o‘yindan so‘ng londonliklar yarimhimoyachisi Kayo Haverts bilan bo‘lgan qiziqarli muloqoti haqida gapirib berdi. Nemis futbolchisiga Martynovichning yuzi juda tanish tuyulgan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Martynovichning aytishicha, Haverts: «Nimadir uchun yuzingiz menga juda tanish», degan. Shunda «Kairat» himoyachisi avvalroq «Bayer»ga qarshi o‘yinlarni eslatib, ularni o‘z vaqtida mag‘lub etishganini, shuningdek Haverts «Chelsi» safida to‘p surgan paytda ham maydonda bir necha bor ro‘baro‘ kelishganini ta’kidlagan.
Futbolchi kolleksiyasida Havertsning o‘yin futbolkasi ham borligini qo‘shimcha qildi. Martynovich avvalroq Rossiyada ham faoliyat yuritib, «Krasnodar», «Ural» va «Rubin» klublarida o‘ynagan.
Eslatib o‘tamiz, «Arsenal» va «Kairat» yanvar oxirida Chempionlar ligasi umumiy bosqichining so‘nggi turida to‘qnash kelgan. London klubi o‘z maydonida 3:2 hisobida g‘alaba qozongan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!