22:42 / 11.03.2017
4 528

Mulohaza: Osuda futbol og‘rig‘i

Mulohaza: Osuda futbol og‘rig‘i

Bahor - uyg‘onish va yangilanish fasli. Shu bois, ko‘klam ostonasida har bir futbol muxlisi kayfiyatida g‘alabalar sog‘inchi, o‘zgachalikka intilish ishtiyoqi nish urishi tabiiy. Ayniqsa, yangi mavsum boshida shunday nekbin tuyg‘ular to‘foni muxlislar qalbida qo‘zg‘olon ko‘taradi. Bu mavsum ibtidosida ham avvalgilari kabi sog‘inch va sarkash hissiyotlar ziddiyati o‘z ifodasini topdi.

Yangi chempionatning o‘ziga xos jihatlaridan biri shuki, oliy ligada ikki nafar tajribali murabbiy ish boshladi. Gap Rauf Inileev va Viktor Kumikov xususida bormoqda. Zukko muxlislar ularning oliy liga bahslariga taraqqiyot shabadasi misol kirib kelishlariga umid bog‘lashdi.

Deylik, mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida «Obod» va «Olmaliq» ishtirokidagi nazorat uchrashuvlari natijalarini qiziqish bilan kuzatishdi. Odatdagidek, mavsumga shaylanish oliy liga klublarining aksariyatida ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Muxlislar ham «Bu yilgi chempionat boshqacha kechadi, chog‘i», deya dast­labki tur o‘yinlarini intizorlik bilan kutishdi. Mana, 1-tur ortda qoldi, ertaga esa ikkinchisi boshlanadi.

Xo‘sh, dastlabki tur natijalari muxlislarda qanday his-tuyg‘ular uyg‘otdi? Avvalo, tilga olingan ikki tajribali murabbiy jamoasi safarda mag‘lubiyatga uchraganini ta’kidlash joiz. «Obod» ham, «Olmaliq» ham munosib raqib bilan kuch sinashdi. Lekin ular juda kuchli sanalmaydi. Zero, «Navbahor» va «Buxoro»ning bugungi holati barchaga ma’lum. Ilhom Mo‘minjonov va Ulug‘bek Baqoyev o‘zlari rahbarlik qilayotgan jamoalarni deyarli qaytadan shakllantirishdi. Ikkisi ham murabbiylik borasida tajribasiz.

Rauf Iniliev va Viktor Kumikov mana shu tajribasiz murabbiylarga yutqazishdi. To‘g‘ri, Rauf Talgatovichning ma’lum sabablar bois, Namanganda jamoasini bevosita boshqarolmaganini aytish kerak. Lekin fakt shuki, yoshlik tajribadan ustun keldi.

Shunday xulosa chiqarsak, mantiqan to‘g‘ri bo‘ladimi? Zohiran bu xulosa mantiqqa muvofiq, botinan tajribali murabbiylar jamoalarining mag‘lubiyati bahorgi izg‘irin kabi ongni junjiktiradi.

Biz Namangan va Buxorodagi futbol shodiyonasidan zavqlandik, quvondik, «Nav­bahor» va «Buxoro»dagi tub o‘zgarishlar vaqti kelib, futbolimizda jiddiy ijobiy yangilanishlarga yo‘l ochadi.

Namanganlik va buxorolik muxlislarning safar uchrashuvlariga safarlari yana ovoza bo‘lishi, mamlakatimiz bo‘ylab dovruq taratishi aniq.

Albatta, bu hol barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi, ammo ikki tajribali murabbiyning futbol falsafasi birdaniga mag‘lub bo‘lgani o‘yga toldiradi. Raqib «Nasaf» yoki «Lokomotiv» bo‘lsa ham, mayli edi. Qolaversa, «Olmaliq» tarkibini kuchsiz, deyish adolatdan hisoblanmaydi. Har holda, muxlislarning yangilanish bosqichidagi umidlari dastlabki turda oqlanmadi.

Ana, Antonio Konte va Yurgen Klopp tomonidan Angliya premer-ligasiga olib kirilgan yangi havoni ta’riflashga til joiz. To‘g‘ri, «Chelsi» va «Liverpul»ning amaldagi murabbiylari «A» seriyasi hamda bundesligada erishgan yutuqlari bilan muxlislar mehrini qozonishgan, lekin APL har ikkisi uchun yangi muhit edi.

Ular bu o‘zgachalik oldida esankirashmadi, aksincha, APLning taniqli «bo‘ri»larini esankiratishmoqda. Qarang, o‘yin professori sanalmish Arsen Vengerning boshi xam, bemisl futbol tafakkuri sohibi nima qilishga hayron.

«Bavariya»ning qaqshatkich zarbasidan so‘ng «Arsenal» o‘nglanishga urindi, biroq «Liverpul» bunga yo‘l qo‘ymadi va «to‘pchilar» yana g‘alaba snaryadlarini ochisholmadi. Endi Klaudio Raneri ortidan Arsen Vengerga ham iste’fo «oq yo‘li» tilanishi aniq bo‘lib turibdi. Hammasiga Antonio Konte va Yurgen Klopp aybdor. Chunki bu ikki murabbiy APLdagi barcha ko‘nikib borayotgan «havo»ni o‘zgartirib yubordi. Muhitni yangilash uchun kurash hech qachon oson kechmaydi. Bu masalada ayniqsa, Yurgen Klopp ancha qiynaldi. Muxlislari baxtiga, u yanvar oyida «Liverpul» osmonida quyuqlashgan qora bulutlarni iloj topib, tarqatdi va nihoyat, «Arse­nal»dek jamoa ustidan g‘alabani ta’minladi. Endi bechora «Arsenal» qudratli «Bavariya»ga qarshi qanday kayfiyatda o‘ynaydi? Bu - muxlislar uchun jumboq. Nima bo‘lganda ham, Arsen Vengerni tushunish mumkin. Uni Karlo Anchelotti va Yurgen Klopp kabi etuk murabbiylar shakllantirgan «musht» gangitdi. Mag‘lubiyatga uchragan ong raqibning yuksak saviyasini e’tirof etmog‘i darkor. Afsuski, g‘alaba qozongan tomon har doim yuksak saviyali bo‘lavermaydi, ammo kuchli raqibni engadi. Shu ma’noda aytsak, Viktor Kumikov holatini tushunish shart emas. Negaki, u Arsen Venger kabi kuchli murabbiydan emas, balki Ulug‘bek Baqoyevdan yengildi. Ta’na qilsa arziydigan holat. Bizni to‘g‘ri tushuning, qaysidir klubning muvaffaqiyati bir guruh muxlislar uchun muhim, biroq milliy chempionatimizda «yangi havo» esishi barcha-barchamiz uchun muhimroqdir.

Savol tug‘ilishi tabiiy: Viktor Kumikov mag‘lubiyati xususida mulohaza yuritilyaptiyu, Ilhom Mo‘minjonov va Ulug‘bek Baqoyevning yutuqlari «yangi havo» sanalmaydimi? Ochig‘i, mashhur sobiq futbolchilarning oliy ligaga murabbiy sifatida qaytishganini har qancha olqishlasak arziydi. Harqalay, oliy liganing o‘rtamiyona jamoasiga murabbiylik qilishni uncha-muncha mutaxassis istayvermaydi. Yaqin futbol tarixining taniqli futbolchilari bunga jur’at etibdilarmi, demak, ularda qandaydir yangilik qilish ishtiyoqi, ahd, reja mavjud. Bir paytlar Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin va Baxtiyor Ashurmatov murabbiylik sohasiga shunday shiddat bilan qadam tashlagandilar. Taassufki, o‘sha shiddat bugun so‘ndi, hisob. Har qancha afsuslanmaylik, sobiq bosh murabbiylarni tushunishga intilmaylik, bu - fakt. O‘jar fakt­lar rahm - shafqat bilmaydi va taqqoslash sari yo‘llaydi mulohazalarni. O‘z-o‘zidan, tabiiy ravishda, oliy liganing 1-turida zafar quchgan yangi murabbiylar va sobiq maqomini olganlar saviyasini o‘zaro taqqoslaymiz. «Yangi»lar «sobiq»lar amalga oshirolmagan ishlarni ro‘yobga chiqarishga qodirmi? Savol og‘ir va alamli. Javob berishda ikkilanasan kishi. Umid va umidsizlik, ishonch va ishonchsizlik kurashadi ko‘ngilda. Umid bog‘lashga urinasanu, «sobiq» va «yangi»lar bir davr, yagona muhit vakillari ekanliklarini o‘ylab, bunday qilolmaysan. Umidsizlik esa insoniylikka zid. Xullas, vaziyat qaltis va yana kutish, umid qilishga majburmiz.

O‘zga yo‘l bo‘lmagach, mavjudidan yurmoq - insonga xos odat. Ha, odat! Ammo unutmaylikki, odatlar shakllanish barobarida yangilanadi ham. Hozir futbolimizda faoliyati davomida yuksak xalqaro natijalarga erisholmagan sobiq futbolchilarning murabbiylik davri hukmron. Ular orasida bir o‘yinda 2ta penaltini ko‘kka sovurgan Fyodor Smolovga uchinchi marta imkon bergan, bera olgan Igor Shalimov kabi murabbiy bormi? Ishqilib, bor bo‘lsin! Ayni payt o‘sha saviyaga etish ham biz uchun orzu. Nachora, hozircha futbolimiz ongidagi osudalik og‘rig‘i bilan yashaymiz...

Muhammad Vali


Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mulohaza: Osuda futbol og‘rig‘i