date

Alonso Vinisiusning reaksiyasiga izoh berdi va vaziyatni yopdi

Alonso Vinisiusning reaksiyasiga izoh berdi va vaziyatni yopdi

“Real Madrid” bosh murabbiyi Xabi Alonso “Barselona”ga qarshi El Klasikodagi dramatik g‘alabadan keyin Vinisius Juniorning almashtirilish vaqtidagi hissiy holati haqida fikr bildirdi, deb yozdi Marca. Eslatib o‘tamiz, madridliklar 2:1 hisobida zafar qozongan o‘yinda braziliyalik vinger almashtirilganda g‘azablanib, murabbiyga qo‘l bermay maydonni tark etgan, biroz vaqtdan so‘ng esa tribunaostiga qaytib chiqqan edi.

Xabi Alonso bu vaziyatga munosabat bildirar ekan, voqeani katta shov-shuvga aylantirishni istamasligini ta’kidladi:

“Men bu lahza haqida uzoq gapirishni xohlamayman. Bu jamoa ichida muhokama qilinishi lozim bo‘lgan narsa. Vinisius jamoa uchun juda muhim futbolchi va u bugungi natijaga katta hissa qo‘shdi. G‘alaba to‘liq haqli tarzda qo‘lga kiritildi”, — dedi murabbiy.

Alonsoga ko‘ra, futbolchidagi hissiy reaksiya uning g‘alabaga bo‘lgan intilishidan kelib chiqqan:

“U har doim g‘alabani xohlaydi, shunday xarakteri bor. Buni biz yaxshi bilamiz. Uning jamoaviy ruhi yuqori, shuning uchun bu holatni normal deb hisoblayman. Albatta, vaziyatni o‘z oramizda muhokama qilamiz — bu jamoa ichida hal etiladi”, — deb ta’kidladi u.

Murabbiy shuningdek, jamoaning umumiy o‘yinidan mamnunligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Real” nafaqat natija, balki taktik jihatdan ham “Barselona”dan ustun bo‘lgan:

“Bizda yana ko‘p imkoniyatlar bor edi, hatto penalti haqida bahs bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar ham bo‘ldi. Ammo muhimi — jamoa yana o‘zini raqobatbardosh, kuchli va birlashgan holda his etdi. Shunday ruh bilan davom etsak, oldimizda katta natijalar kutmoqda”, — dedi Alonso.

Vinisiusning harakatlari haqida turli fikrlar bildirilganiga qaramay, “Real” muxlislari uning maydondagi fidoyiligini yuqori baholashdi. Ular braziliyalik futbolchining jamoaga bo‘lgan sadoqati va g‘alabaga intilishini tushunish bilan qarshi oldilar.

Xabi Alonso esa bu kabi ehtirosli vaziyatlar futbolda tabiiy ekanini aytdi:

“Hissiyotlar juda yuqori bo‘lgan o‘yinda ba’zan bunday holatlar bo‘lishi mumkin. Asosiysi — keyin buni to‘g‘ri muhokama qilish va jamoaviy ruhni saqlab qolish. Vinisius bizning oilamiz a’zosi va uning hissiyotlari ham jamoaning g‘alaba xohishi bilan bog‘liq”, — dedi murabbiy.

Ma’lumot uchun, “Real Madrid” bu g‘alabadan keyin La Liganing 10-turidan so‘ng 27 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qoldi. “Barselona” esa 22 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qolmoqda.

Shu tariqa, Xabi Alonso Vinisius bilan bog‘liq vaziyatni ichki masala sifatida baholadi va jamoa muhitini buzmasdan, o‘yindagi ruhiy birdamlikni saqlash muhimligini urg‘uladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Alonso Vinisiusning reaksiyasiga izoh berdi va vaziyatni yopdi