Luis Enrike PSJ uchun Chelsini qulayroq raqib deb bildi

"Pari Sen-Jermen" bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar ligasi 1/8 finalida jamoasi uchun qaysi raqib ma'qulroq ekanini aytdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Parij klubi pley-offdagi saralash bosqichida "Monako"dan o‘ta olsa, keyingi raundda "Barselona" yoki "Chelsi" bilan to‘qnash keladi. Dastlabki uchrashuvda PSJ safarda monakoliklarni 3:2 hisobida yenggandi.
Enrikening ta'kidlashicha, u "Chelsi" variantini afzal ko‘radi. Murabbiy "Barselona"ning o‘yini juda ishonchli ekanini, to‘pni nazorat qilishni yaxshi ko‘rishini, yuqori pressing qo‘llashini va bir zumda o‘yin taqdirini hal qila oladigan futbolchilari ko‘pligini qayd etdi. Uning fikricha, "Barsa" optimal holatda bo‘lsa, uni to‘xtatish nihoyatda mushkul.
"Agar tanlash imkonim bo‘lsa, keyingi raqib sifatida 'Chelsi'ni aytardim. 'Barselona'ga qarshi o‘ynaganda, sen faqat jamoaga emas, butun bir g‘oyaga ham qarshi turasan — bu esa vazifani yanada murakkablashtiradi", — deya Enrike so‘zlarini ispan OAV keltirdi.
Chempionlar ligasi 1/8 final bahslari mart oyida bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!