Olimlar koinotdan kelayotgan oʻta uzun radiosiqnallar sirini ochishdi

Avstraliyalik olimlar bir necha oʻn daqiqadan bir necha soatgacha davom etadigan noyob va oʻta uzun radioportlashlar tabiatini ilk bor tushuntirib berishdi. Ilgari bunday siqnallarning kelib chiqishi neytron yulduzlari bilan bogʻlanar edi, biroq yangi tadqiqot manba oq mitti va qizil mitti yulduzlardan iborat qoʻshaloq tizim ekanini koʻrsatdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kuzatuvlar Avstraliyadagi ASKAP radioteleskopi yordamida olib borildi. Tadqiqot markazida ASKAP J1745 5051 obyekti turgan boʻlib, u LPT-siqnallarning (long-period transients) aniq belgilangan birinchi manbasiga aylandi. Astronomlar oʻz xulosalarini tasdiqlash uchun orbital rentgen teleskoplari, jumladan, "Spektr-RG" maʼlumotlaridan ham foydalanishdi.
Olimlarning maʼlumotlariga koʻra, bunday tizimda oq mitti yulduz qizil mittidan moddalarni asta-sekin oʻziga tortib oladi. Ushbu oʻzaro taʼsir radiotoʻlqinlar va rentgen nurlanishining uzoq davom etadigan murakkab chaqnashlarini keltirib chiqaradi. Bunda siqnal oʻzgaruvchan tuzilishga ega boʻlib, odatdagi qisqa radioportlashlardan tubdan farq qiladi.
Ushbu kashfiyot nafaqat siqnallar tabiatini tushunish, balki materiyani Yer sharoitida takrorlab boʻlmaydigan ekstremal magnit va gravitatsiya maydonlarida oʻrganish uchun ham muhimdir. Bunday tizimlar koinotdagi oʻziga xos tabiiy laboratoriyalar vazifasini oʻtaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!