Florentino Pérez raqibiga hujum qildi: Uning takliflari halokatli

Real Madrid prezidenti Florentino Pérez klubdagi hokimiyat uchun kurashda oʻzining asosiy raqibi Enrique Riquelme ustidan keskin tanqidlar yogʻdirdi. Pérez raqibining rejalari klub kelajagiga tahdid solishini taʼkidlab, boshqaruvni yana eski guruhlar qoʻliga topshirib qoʻymasligini maʼlum qildi. "Men ularning klubni qayta egallashiga yoʻl qoʻya olmayman. Bular oʻsha-oʻsha odamlar: oʻgʻillar, doʻstlar va aka-ukalar", — deya taʼkidladi amaldagi prezident. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Riquelme saylovchilarni jalb qilish uchun yirik transfer vaʼdalaridan foydalanayotgani Pérezning gʻazabini keltirgan. 37 yoshli nomzod agar prezident etib saylansa, Real Madrid uchun oʻta muhim boʻlgan ikki nafar jahon darajasidagi yulduz bilan kelishuvga erishganini iddao qilgan edi. Bunga javoban Pérez: "Mening rahbarligim ostida dunyoning eng yaxshi futbolchilari Real Madrid safida oʻynashda davom etishiga kimdir shubha qiladimi?" — deya savol tashladi.
Raqib nomzod, shuningdek, klubni xususiylashtirish rejalari boʻyicha ham Pérezni aybladi. Uning soʻzlariga koʻra, Pérez klubning bir qismini investorlarga sotish orqali uni aʼzolardan tortib olmoqchi. Biroq Florentino Pérez bu ayblovlarni rad etib, Real Madrid har doim oʻz aʼzolariga tegishli boʻlib qolishini va u klubni qutqarish uchun oʻz boyligini xavf ostiga qoʻyganini eslatib oʻtdi.
Klubdagi ichki tartibsizliklar, xususan, Xabi Alonso va Álvaro Arbeloa bilan bogʻliq muvaffaqiyatsiz tayinlovlar Pérezning mavqeiga putur yetkazgan edi. Jamoa ichidagi nizolar va sovrinsiz yakunlangan mavsumdan soʻng, Pérez yangi murabbiy masalasiga toʻxtaldi. Agar u 7-iyun kuni boʻlib oʻtadigan saylovda gʻalaba qozonsa, Joze Mourinyo ikkinchi bor Madridga qaytishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!