Kuesta Parma San-Siroda ochko olish niyatida ekanini aytdi

Italiya A Seriyasining 26-turida «Parma» safarda «Milan»ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 22 fevral kuni 22:00 da (Toshkent vaqti bilan) boshlanadi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
O‘yinoldi matbuot anjumanida bosh murabbiy Karlos Kuesta jamoa Milanga faqat himoyalanish uchun emas, ochko olib qaytish maqsadida borayotganini ta’kidladi. Mutaxassis maksimal diqqat va intizom talab qilinishini qayd etdi.
Kuesta tarkib bo‘yicha ham yangilik berdi: Chirkati jarohat sabab safdan chiqqan, Ndiaye esa yana umumiy mashg‘ulotlarga qaytgan. Shuningdek, Drobnich va Mena uchrashuvga tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Murabbiy jamoa o‘zining kuchli jihatlaridan to‘liq foydalanishga urinib ko‘rishini aytdi.
Murabbiy «Milan» o‘yin uslubi vaziyatga qarab keskin o‘zgarishini ham alohida urg‘uladi: «Komo»ga qarshi yuqoridan pressing qilgan bo‘lsa, boshqa bahslarda raqibga ko‘proq to‘pni berib o‘ynagan. Kuestaning fikricha, «Parma» raqibga moslashib ketishdan ko‘ra, o‘z imkoniyatlariga tayanib, bo‘sh hududlarga kirib borishi va har ikki jarima maydonida ham qat’iy bo‘lishi kerak.
Hozirda «Parma» turnir jadvalida 29 ochko bilan 12-o‘rinda bormoqda. «Milan» esa 54 ochko jamg‘argan holda 2-pog‘onani egallab turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!