Gvardiola Budyo Glimtni hammaga tan oldirdi deb eslatdi

"Manchester Siti" bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Chempionlar ligasida kutilmaganda porlayotgan "Budyo-Glimt"ning natijalari haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Norvegiyaliklar umumiy bosqichda "shaharliklar"ni 3:1 hisobida mag'lub etib, futbol jamoatchiligini larzaga solgan edi. Biroq ularning sensatsiyalari shu bilan tugamadi: "Budyo-Glimt" keyinroq Madridda "Atletiko"ni 2:1 yengdi, undan so'ng esa Milan "Inter"ini ketma-ket ikki uchrashuvda taslim etdi — 3:1 va 2:1.
"Hozir hamma "Budyo-Glimt" qaysi darajada o'ynayotganini ko'ryapti, to'g'rimi? Hammaning og'zida bitta gap: 'Voy, qanday jamoa!' Ehtimol, ular biz bilan o'ynamasidan oldin sizlar va muxlislar ularning 20 ta uchrashuvini tahlil qilmagandirsizlar..." — dedi Gvardiola matbuot anjumanida. Murabbiy shu orqali Norvegiyadagi mag'lubiyatni "Manchester Siti" uchun ortiqcha sharmandalik sifatida ko'rsatish noto'g'ri bo'lganiga ishora qildi.
1/8 finalda Gvardiola jamoasi Madridning "Real"i bilan to'qnash keladi, "Budyo-Glimt" esa Lissabonning "Sporting"iga qarshi maydonga tushadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!