Marat Bikmaevning faoliyati markaziy forvard sifatida boshlandi, ammo keyinchalik ampluasi ko‘p bora o‘zgardi. Asosan hujum ortida va yarim himoyada to‘p surdi. Shu jumladan, «Lokomotiv»da ham. Balki ayni sababga ko‘ra, uning to‘purarlik qobiliyati joriy mavsumga qadar soya ortida qolib ketgandir?! Bikmaev 2002 yili «Paxtakor» safida katta futbolga qadam qo‘ygan. O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi debyutini esa 2004 yili nishonladi. Biroq faqat joriy mavsumga kelibgina uning asl to‘purarlik qobiliyatini ko‘rdik.
«Lokomotiv»da mavsum boshlanishi oldidan katta o‘zgarishlar kuzatildi. Temurxo‘ja Abduxoliqov jamoadan ketdi va uning o‘rniga taklif etilgan Krizo raqobatga dosh berolmadi. Shu bois Marat Bikmaev doimiy hujumchi sifatida to‘p sura boshladi va bu qarorning qay darajada to‘g‘ri ekanligini bugun ko‘rib turibmiz. Gapimiz quruq bo‘lib qolmasligi uchun uni statistika bilan to‘ldirsak - Bikmaev joriy mavsum oliy ligada 7ta o‘yinda maydonga tushib, 7ta gol urdi. Osiyo Chempionlar Ligasidagi raqamlar ham shunga o‘xshash - 5ta o‘yin va 5ta gol. Demak, Marat umumiy hisobda 12ta o‘yinda 12ta to‘p kiritgan. Bunday natijaga ancha-muncha hujumchi havas qilishi turgan gap. U shu kabi ko‘rsatkichni 2011 yili «Alaniya»da namoyish etgandi. O‘shanda ham hujumda to‘p surgan.
O‘zbekiston terma jamoasining hujum chizig‘ida muammo borligi haqida ko‘p gapiriladi. Darhaqiqat, Shkvirin, Abduraimov, Maqsudov va Irismetovlar davri allaqachon o‘tgan. Bu avlodning so‘nggi vakili Maksim Shaskix edi va uning ketganiga ham ancha bo‘ldi. Shundan buyon ularning o‘rnini bosa oladigan hujumchi topilmadi. Sergeevga umid bog‘lagandik, ammo u ham hozir o‘rtamiyona futbolchiga aylanib qolgan. Xo‘sh, bunga sabab nima?
O‘zbek futbolida so‘nggi vaqtlarda g‘alati an’ana paydo bo‘lgan - nima uchundir hujumchilardan yarim himoyachi yasashga urinadilar. Forvard muammosi echimini topmayotgan bir pallada Eldor Shomurodovning yarim himoyachiga aylanib qolganiga allaqachon ko‘nikdik. Vaholanki, u ham faoliyatini hujumda boshlagan va hozir bu ishni ko‘ngildagidek uddalay olishini Chempionlar Ligasi doirasidagi «Al-Ahli»ga qarshi kechgan o‘yinda ko‘rdik. Shomurodov gol urdi va jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Darvoqe, bu yutuq «Bunyodkor» uchun joriy mavsum OChLda birinchisi bo‘ldi. Bunga qadar o‘tkazilgan 4ta o‘yinda «qaldirg‘ochlar» mag‘lubiyatga uchragan, o‘sha bahslarda Shomurodov yarim himoyachi sifatida to‘p surgandi. Kim biladi deysiz, balki «Bunyodkor»ga gol uradigan futbolchi etishmagandir?
Endi bir savolni o‘rtaga tashlasak - nima uchun shunday o‘yinchilar bo‘lgani holda hujumchi muammosi haqida qayta-qayta ta’kidlaymiz? Buning o‘rniga, shunchaki, raqib darvozasi oldida o‘ynashga uquvi borlarni o‘sha chiziqqa qo‘ygan yaxshi emasmi? Masalan, Igor Sergeev o‘z vaqtida chap qanot yarim himoyasida ham o‘ynagan. Nahotki, «Paxtakor»da hujumchilar oshib-toshib yotgani holda qanotda to‘p suradigan futbolchi topilmasa? Buning sababi nimada?
Futbolni rivojlantirish haqida ko‘p gapiramiz-u, bir narsani tan olishni istamaymiz - hech bir sohani uning tilini yaxshi biladiganlarsiz yuksaltirib bo‘lmaydi. Oliy ligada 16ta klub bor. Endi bir o‘ylab ko‘ring, mana shu jamoalarning qay birini Osiyo Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish tajribasiga ega bo‘lgan murabbiy boshqarmoqda? Milliy terma haqida-ku, mutlaqo gapirmagan ma’qul. Mamlakatimiz bosh jamoasida futbolchilarni turli amplualarda o‘ynatish bo‘yicha amalga oshirilgan tajriba biror 10 yilga etadigan chiqar?! Biz allaqachon markaziy himoyachining o‘ng yoki chapda, hujumchining esa yarim himoyada o‘ynashiga ko‘nikib qolganmiz. Endi bir o‘ylab ko‘ring, bu tajribalarsiz ham terma jamoa tarkibini shakllantirish mumkinmidi? Bu qachongacha davom etadi? Yashang, murabbiy almashguncha.
Biz o‘tgan 25 yil ichida asosan ichki resurslar evaziga futbolimizni shakllantirishga urinib keldik. Xorijdan taklif etilgan o‘rtamiyona murabbiylar esa mana shu qobiqni yorib chiqar darajada salohiyatga ega emasdilar. Ozgina yorug‘lik esa 2008 yillarga to‘g‘ri keldi. O‘shanda braziliyalik murabbiy va futbolchilar evaziga biroz o‘sish kuzatildi. Shaxsan o‘zim 2011 yilgi Osiyo kubogidagi kichik muvaffaqiyatni o‘sha ko‘tarilish evaziga, deb bilaman. Albatta, Vadim Abramovning mehnati ham bor, biroq ijrochilar bo‘lmaganda murabbiy baribir, hech narsa qila olmas edi.
O‘zbek futbolida hozir ham iqtidorli futbolchilar, shu jumladan, hujumchilar bisyor. Biroq ularning iqtidorini ochib bera oladigan murabbiylar topilmas ekan, yana o‘sha Shkvirin va Abduraimovlarni qo‘msab yuraveramiz. Hech bo‘lmasa, mamlakatning etakchi klublarini (terma jamoaga nomzod futbolchilar asosan shu erda) boshqarish kuchli mutaxassislarga topshirilmasa, iqtidorlar kashf etilishi orzu bo‘lib qolaveradi.
Manba: interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”