Bavariya Josko Gvardiolni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi

Bavariya klubi Manchester Siti himoyachisi Josko Gvardiolni transfer qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Myunxenliklar yangi mavsum oldidan himoya chizig‘ini kuchaytirishni maqsad qilgan va xorvatiyalik futbolchini asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Germaniya futboli afsonasi Lotar Matteusning taʼkidlashicha, Bavariya rahbariyati allaqachon futbolchining vakillari bilan dastlabki muzokaralarni boshlab yuborgan. Gvardiol o‘z vaqtida Bundesligada RB Leyptsig safida muvaffaqiyatli to‘p surgani bois, Germaniya chempionatiga qaytish uning uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi.
24 yoshli himoyachi Pep Gvardiola qo‘l ostida Manchester Siti tarkibida muhim o‘yinchiga aylangan bo‘lsa-da, joriy mavsumdagi jarohatlar uning o‘yin amaliyotiga taʼsir ko‘rsatdi. Shunga qaramay, uning universal o‘yin uslubi, yaʼni ham markaziy, ham qanot himoyachisi sifatida harakat qila olishi Myunxen klubi uchun juda qulay variant hisoblanadi.
Manchester Siti esa o‘z navbatida Gvardiolni saqlab qolish niyatida va uning amaldagi shartnomasini uzaytirish bo‘yicha ish olib bormoqda. Biroq, Bavariya himoya chizig‘idagi o‘zgarishlar va tarkibni yangilash zarurati ushbu transferni yozgi oynaning eng shov-shuvli voqealaridan biriga aylantirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!