O‘FF rahbari Mirabror Usmonov bugun 70 yoshlik tavallud ayyomini nishonlamoqda. U haqda hattoki, internetning cheksiz sarhadlarida ham ma’lumotlar u qadar ko‘p emas.
«Vikipediya»da keltirilishicha, Mirabror Zufarovich 1947 yilning 4 iyulida Toshkentda tug‘ilgan va 1978 yili Samarqand kooperativ institutining iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyatini esa Toshkent shahridagi restoranlardan birida oshpaz sifatida boshlab, keyinchalik trest rahbarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.
Mustaqillik yillari savdo vaziri, «O‘zbeksavdo» kompaniyasi raisi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ish olib borgan. Mirabror Zufarovichning qisqacha tarjimai-holi shu.
Ammo biz - o‘zbek futboli muxlislari bu insonni 2006 yildan buyon yaqindan taniymiz. U aynan o‘sha yili O‘FF prezidenti sifatida faoliyat yurita boshladi va shu bilan milliy futbolimiz mutlaqo yangi davrga yuz tutdi. Tan olaylik, eng ashaddiy tanqidchilar ham aynan 2006 yildan ko‘tarilish davri boshlanganini inkor etolmaydilar. Chunonchi, bunga qadar nafaqat klublar, balki O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham sharoitlar haminqadar edi. Mirabror Usmonov ish boshlagach, hattoki, bolalar jamoalarining ham xorijda yig‘in tashkil etishi odatiy holga aylandi. Ayniqsa, futbol infratuzilmasi haqida alohida to‘xtalish lozim. Bir eslang, avvallari klublarimiz stadionlarida sharoit qanday edi? Bu masalada eng sara jamoalar ham aytarli maqtanolmasdi. Endi-chi? Autsayder klublarning ham zamonaviy stadionlarda to‘p surishiga ko‘nikib ulgurdik.
Diqqatga sazovor tomoni, Mirabror Zufarovichning faoliyati faqat futbol bilan bog‘liq emas. U 2013 yildan e’tiboran, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasini ham boshqarib kelmoqda. Usmonov rahbarligi davri qo‘mita hayotida sezilarli o‘zgarishlar yuz bergani sir emas. Misol uchun, u yangi lavozimda ish boshlagani hamono Toshkent markazida MOQ uchun alohida bino qurilishiga bosh-qosh bo‘ldi. Buning samarasi o‘laroq, butun shahar bo‘ylab «sochilgan» federasiyalar boshi biriktirildi. Tabiiyki, bu o‘ziga xos qulayliklarni yuzaga keltirdi. Eng muhimi, sportchilarga alohida e’tibor berilib, ularning talab darajasida shug‘ullanishlari uchun zarur barcha jihozlar ta’minoti yo‘lga qo‘yildi.
Sportga qaratilgan ushbu o‘zgacha e’tibor samarasini qidirib, uzoqqa borish shart emas, yaqin tariximizga nazar tashlash kifoya. Deylik, 2016 yil tom ma’noda o‘zbek sportiga ataldi. Bu gapda zarracha mubolag‘a yo‘q. Yurtimiz sportchilari o‘tgan yili Braziliya mezbonlik qilgan Olimpiadada rekord darajada medallarni qo‘lga kiritishganiyu, bundan nechog‘li huzurlanganimiz hamon yodimizda. Sportimiz dunyo bo‘yicha eng kuchli 20talikda zikr etildi - katta gap. Axir 5-6 yil muqaddam bunday yutuqlarni hattoki, orzu qilishga ham haddimiz sig‘masdi. Endi esa o‘zbek bokschilari bor joyda boshqalar ringga chiqishga ham hadiksirab qolishdi.
Yana futbolga qaytamiz. Terma jamoalar bazasi mustahkamlanganini ham bemalol Mirabror Zufarovich hisobiga yozib qo‘ysak bo‘ladi. Xususan, uning o‘zbek futboli boshqaruvidagi 11 yillik faoliyati davomida yoshlar tizimi mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. Ya’ni o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarimizning jahon chempionatiga chiqishi deyarli doimiylik kasb etdi, oradagi ba’zi uzilishlarni hisobga olmaganda. Muhimi, yoshlarimiz jahon arenalarida ham munosib o‘ynab, keng ommada ijobiy taassurot uyg‘otishdi. Ayniqsa, Meksika, Turkiya va Yangi Zelandiyada tashkil etilgan kichik mundiallarni bir esga oling. Shuningdek, o‘smirlardan tuzilgan jamoamiz futbolimiz tarixida ilk marta Osiyo chempioni maqomiga erishdi. Tushunarliki, yutuqlar o‘z-o‘zidan kelgani yo‘q - buning zamirida mashaqqatli mehnat va yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tizim bor.
Ha, faqat bitta narsa ko‘ngilni xira qilmoqda - milliy jamoamizning JChga chiqolmayotgani. Vaholanki, bu yo‘lda ham barcha sharoitlar muhayyo etildi, tinimsiz ish olib borildi. O‘FF bu borada mahalliy murabbiylarga to‘liq ishonch bildirib, ularga katta imkoniyatlar taqdim etgani ham ayni haqiqat. Rauf Inileev, Mirjalol Qosimov, Vadim Abramov, Samvel Babayan - bu murabbiylar bizni jahon chempionatiga olib chiqishlari kerak edi. Ammo har doim nimadir etishmay qolaverdi. Eh, Samvel Babayan shogirdlari JCh-2018 saralashining oxirgi 2ta uchrashuvida g‘alaba qozonib, nihoyat, katta mundialga ham yo‘l ochishsami, bu Mirabror Usmonov xizmatlari uchun oliy mukofot bo‘lardi. O‘ylaymizki, O‘FF rahbari shunday samarani ko‘rishga mutlaqo haqli!
Aytishlaricha, Mirabror Usmonov sentyabrda O‘FF rahbarligidan ketar ekan. Hozir bu gap qay darajada haqiqatga mos kelishini bilmaymiz. Ammo shuni bemalol aytishimiz mumkinki, Mirabror aka chindan ham, O‘FFdan ketgan taqdirda, uning ortidan ulkan ishlar - katta bog‘ qoladi. Har holda, Mirabror Zufarovich qabul qilib olgan davrdagi federasiya va hozirgi tashkilot o‘rtasida er bilan osmonchalik farq bor. Xalqimizda ajoyib naqllar ko‘p. Ulardan biri - «Yaxshidan bog‘ qoladi». Ochiq e’tirof etish kerak, Mirabror Usmonov ham o‘zidan xuddi shunday bog‘ qoldirmoqda. Balki u hali mevaga to‘liq kirib ulgurmagandir, ammo muhimi - bog‘ bor, daraxt bor, nihol bor. Endi hamma gap shu bog‘ning parvarishiga bog‘liq.
O‘z o‘rnida, tahririyatimiz va futbol atalmish o‘yinning chin fidokorlari va muxlislar nomidan yubilyarni qizg‘in qutlab, u kishiga mustahkam salomatlik, oilalariga totuvlik va ishlariga muvaffaqiyat tilaymiz. 70 yoshingiz muborak bo‘lsin, Mirabror aka!
Umar BEK
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?