Mamlakatimiz bosh jamoasi Eron klubidan mag‘lubiyatga uchradi. Oddiy yig‘in doirasida o‘tkazilgan nazorat uchrashuvida qayd etilgan ushbu natijaga ko‘pchilik e’tiborsiz qaradi. Chunki munosabatlardan naf chiqmasligini anglagan aksariyat muxlislar qalbida hafsalasizlik urug‘i nish urdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy yangilanishlar esa aynan hafsalasizlikka qarshi kurash bayrog‘i sifatida hilpiramoqda. Jamiyat hayotining har bir jabhasida, albatta, yuksak ijobiy o‘zgarishlar yuz berishi davr ruhida yaqqol ayon bo‘lib turibdi. Demak, ertami-kech futbolimizda ham jiddiy islohotlar amalga oshirilishi aniq. Shunday ekan, terma jamoalarimiz va milliy chempionatimizdagi har qaysi holatga munosabat bildirishda davom etamiz.
Ochig‘i, «Zob-Ohan» bilan tashkillangan nazorat uchrashuvida alohida yashirin maqsad bordek tuyuldi. Aks holda, murabbiylar shtabi bunday nazorat uchrashuviga ehtiyoj sezmasdi. Yodingizdami, murabbiylar muxlislar tomonidan keskin tanqid ostiga olingan vaqt tarkibni yangilash masalasi ham kun tartibidagi dolzarb mavzu sifatida o‘rtaga tashlangandi. Tanqidlar suyak-suyagidan o‘tib ketgan shtab o‘zining haqligini isbotlashga shu yo‘sinda urinmoqda, chog‘i. Go‘yoki hozir tarkibni yangilash bemavrid va muxlislarning talablari noo‘rin. Bir qarashda, mazkur fikrni tasdiqlash uchun Turkiyaga asosan terma jamoa darajasida to‘p surolmaydigan futbolchilar olib ketildi. Vladimir Kozak, Suhrob Berdiev, Salamat Qutiboyev, Davronbek Umirov, Murod Toshmatov, Sardor Mirzaev, Erkin Boydullaev kabi futbolchilarning o‘z klublari tarkibida jon kuydirib o‘ynashlari barchaga ma’lum. Bu borada ular o‘z klublari muxlislari uchun sevimli bo‘lib qolaveradilar va har qancha hurmatga munosibdirlar.
Biroq terma jamoa - yuksak minbar va unga ko‘tarilishning o‘ziga yarasha talablari mavjud. Yig‘in tashkillash jarayonida murabbiylar tomonidan shu talablar e’tiborga olinmagandek. O‘tgan yoz mavsumidagi yig‘inda ham shu kabi holat kuzatilgandi. Keyinchalik jarohatlar terma jamoamiz o‘yiniga salbiy ta’sir o‘tkazganida, Samvel Babayan mag‘lubiyatlar sababini zaxiradagi bo‘shliq bilan izohlagandi. Xo‘sh, shu bo‘shliqqa kim aybdor? Nega shu vaqtga qadar zaxira tarkibi maqsadga muvofiq shakllantirilmagandi? Natijada xorijda tashkillangan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari so‘nggi saralash bosqichining eng muhim uchrashuvlarida terma jamoamizga biror naf keltirmadi.
Boshqacha aytganda, sa’y-harakatlar va sarf-xarajatlar havoga uchdi. Endi shu holat yana takrorlanmasmikan? Farqi shundaki, murabbiylar shtabi bu safar o‘zini haq, muxlislar talabi nohaq ekanligini isbotlamoqchi. Axir terma jamoamizning kuchsiz tarkibini qaysidir professional klub bilan kuch sinashtirish zamirida qanday maqsadlar yashirin? Nahotki, murabbiylar shtabi muxlislarga yangilangan tarkibga ishonish yaramasligini uqtirishni o‘ylagan bo‘lsa? Holbuki, gap tarkib yoki uning saviyasida ham emas, balki murabbiylar shtabining o‘zida. Ta’kidlash joiz, shu tarkib bilan ham «Zob-Ohan»ni mag‘lubiyatga uchratish mumkin edi. Salbiy natijaning asosiy sababi - murabbiylar shtabi Eron klubini taslim qilish yo‘lini topolmaganida. O‘zi ma’qul hisoblagan zaxira tarkibi bilan raqibni engolmagan shtab tanqidga loyiq. Qarang, Yoaxim Lyov zaxirachilar bilan Konfederasiyalar kubogini qo‘lga kiritdi. Demak, u murabbiylikda omilkor, g‘alaba qozonishni uddalaydi...
O‘zi murabbiyning vazifasi tarkibdan nolish yoki mag‘lubiyat sababini tushuntirish emas, aksincha, ishlash va izlanishdan iboratdir. Shu ma’noda aytsak, Turkiya yig‘inida Ikrom Aliboyev, Azim Ahmedov, Sherzod Karimov, Doston Hamdamov va Sanjar Rashidov kabi futbolchilarga imkon berilganida, terma jamoamiz asosiy tarkibiga kirish uchun raqobat yanada kuchayardi. Imkonlar ko‘proq taqqoslarda ko‘zga tashlanadi. Buni murabbiy nainki mahorat, balki qalb ko‘zi bilan ko‘rishi darkor. Qalb ko‘zi ochiq futbolchidagi ochilmagan imkonlarni his qilish sezgisi ustun bo‘lmagan murabbiyning katta muvaffaqiyatlarga erishishi qiyin. Afsuslanarlisi, terma jamoamiz murabbiylar shtabi ayni shu jihatlarda oqsamoqda. Oddiy klub bilan nazorat uchrashuvidagi mag‘lubiyat terma jamoa libosini kiyish ishtiyoqida yonib turgan futbolchi ruhiyatiga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatishi birovni qiziqtirmayapti.
Atrofga bir qarang: tog‘ tog‘ bilan bellashmoqda. «Bavariya»ni mag‘lub etgan «Milan» o‘zicha mamnun. «Barselona» esa «Yuventus»ni engib, biroz yupandi. «Chelsi» bo‘lsa, «Arsenal»ni chirqiratib, chempionligini bildirib qo‘ydi. Hammasi bir-biriga munosib raqiblar. Bu raqobatda xijolatchilik ruhi yo‘q. Adir va tog‘ni bir-biriga ro‘baro‘ qilish - mantiqsizlik. «Senimi, shoshmay tur» multfilmini eslatadi bu hol. Inson tasavvuridagina quyon bo‘rini qiynaydi, ustidan kuladi. Hayotda bunday bo‘lmaydi. Balki shuning uchundir Samvel Vyacheslavovich shogirdlari «Al-Tavon»ni bir amallab mag‘lubiyatga uchratishgandir. Shunday bo‘lmasa, ham futbol, ham hayot mantig‘iga putur etardi anchagina.
Na ilojki, biz hozircha shunday futbol «multfilm»larini kuzatishga majburmiz. Axir bosh jamoamiz avvalgi mavsum yig‘inida arman klubiga imkoniyatni boy bergandi. Shunday baxt bu yil fors klubiga nasib etdi. Milliy futbolimizni o‘ksitadigan bunday animasion tomoshalarga barham berish kerak oxir-oqibat. Terma jamoa futbolchisi munosib raqib bilan kuch sinashgandagina o‘zgacha kayfiyat, boshqacha ruhda to‘p suradi. Ishonmasangiz, buni futbolchilardan so‘rang. «Faoliyatimda ilk bor professional murabbiyga duch keldim!» deya hayajonlangan Davron Hoshimovni tushunsa bo‘ladi. Shota Arveladze - uning uchun hozir shunday murabbiy. Futbolchidagi bunday mulohaza kelgusida mustahkamlanishi, Shota Arveladze esa bildirilayotgan ishonchni to‘liq oqlashidan umidvormiz. Ehtimol, shunda haqiqiy murabbiy haqidagi qarashlarimiz o‘zgarar. Hozircha esa mag‘lubiyat faktini tan olishdan o‘zga choramiz yo‘q.
Aleksandr Petrov ssenariysi asosida o‘ynalgan futzalcha «multfilm» ham dard ustiga chipqon, nazarimizda. «Bank Bayrut»ni autsayder o‘rnida ko‘rib, «Olmaliq» g‘alabasiga ishongan futzal muxlislari dog‘da qolishdi. Biz Ravshan Haydarov shogirdlarining BAA termasi ustidan g‘alabasiga avvalgi mulohazalarimizda ishora qilgandik. Ishonchga yarasha asoslar ham aytilgandi. Lekin «Olmaliq»qa nisbatan bunday dadil xulosa aytish noqulay. Ishqilib, Tailand klubi sharmandali hisobda engmasin-da vakillarimizni. Yo‘q, engmasin aslo! Biz shuni istaymiz! Ammo futbol haqiqatlari bizning mulohazalarimizga bo‘ysinmaydi...
Muhammad Vali
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi