Germaniyaning Gamburg shahrida 9 kun davomida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionati kecha, 2 sentyabr kuni yakuniga yetdi.
Musobaqaning so‘nggi kunida barcha – 10 ta vazn toifasida final janglari bo‘lib o‘tdi. Ana shu 10 ta vaznning to‘rttasida o‘zbekistonlik bokschilar ringga chiqishdi.
E’tiborlisi, O‘zbekiston delegatsiyasi birinchi marta jahon chempionati finaliga bir yo‘la to‘rt bokschisi bilan yetib keldi.
Shu paytga qadar O‘zbekiston terma jamoasi 12 ta jahon chempionatida ishtirok etgan bo‘lsa, ularning hech birida bunday natija qayd etmagandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Yarim finalda terma jamoamizning olti nafar a’zosi ishtirok etdi, ularning to‘rttasi hal qiluvchi bahslarga yo‘llanma olib, chempionlik uchun kurashish imkoniyatini saqlab qolgan bo‘lsa, Bektemir Meliqo‘ziyev va Sanjar Tursunovlar bronza medali bilan cheklanishga majbur bo‘lishdi.
-49 kg. vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov finalda kubalik Yoannis Argilagosga qarshi ringga ko‘tarilib, ko‘pgina jabhalarda raqibidan ustunlik qildi. Ammo, yakunda hakamlar 3:2 hisobida kubalik bokschining g‘alabasini qayd etdilar. Natijada Hasanboy shaxsiy kolleksiyasiga jahon chempionatining kumush medalini qo‘shib qo‘ydi.
-52 kg. Jasurbek Latipov kubalik Yosbani Veitiaga qarshi jang o‘tkazdi. Bellashuvda kubalik bokschi 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medal sohibiga aylandi.
Latipov esa ikkinchi marta jahon chempiontaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Ma’lumot uchun, Latipov 2013 yilda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ham kumush medalni qo‘lga kiritgandi.
-64 kg. vazn Iqboljon Xoldorov kubalik tajribali bokschi Endi Kruz Gomesga qarshi ringga ko‘tarildi. Afsuski, 20 yoshli Iqboljonga hal qiluvchi bahsda biroz tajriba yetishmadi va jang kubalik bokschining g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ammo 20 yoshda jahon chempionatining kumush medaliga ega chiqish Iqboljon uchun katta natija. Uning asosiy yutuqlari hali oldinda ekanligiga umid qilib qolamiz va Iqboljonni kumush medal bilan tabriklaymiz.
Va nihoyat, -69 kg. vazn toifasida Shahram G‘iyosov finalda kubalik yana bir bokschi Roniel Iglesiasga qarshi jang o‘tkazdi. Shahramning to‘liq ustunligida kechgan bahsda hakamlar ham hech narsa qila olishmadi va noiloj o‘zbek bokschisining g‘alabasini tan olishdi.
Jangni 5:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan G‘iyosov jahon chempioni nomiga sazovor bo‘lib, Gamburg arenalarida O‘zbekiston madhiyasi yangrashiga sababchi bo‘ldi.
Ana shu tariqa jahon chempionatlarida o‘zbekistonlik bokschilar tomonidan qo‘lga kiritilgan oltin medallar soni 6 taga yetdi.
Bunga qadar o‘zbekistonlik sportchilardan Muhammadqodir Abdullayev va O‘tkirbek Haydarov (1999 y.), Ruslan Chagayev (2001 y.) va Abbos Atoyev (2007, 2009 y.)lar jahon chempionligini tantana qilishgandi. Endi ular qatoriga xaqli ravishda Shahram G‘iyosov ham qo‘shildi.
Demak, O‘zbekiston terma jamoasi Gamburgdagi jahon chempionatini oltita medal bilan yakunladi. Shahram G‘iyosovda oltin, Hasanboy Do‘smatov, Jasur Latipov va Iqboljon Xoldorovda kumush, Bektemir Meliqo‘ziyev va Sanjar Tursunovlarda bronza.
Ushbu natijasi evaziga O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatini umujamoa hisobida Kubadan keyin faxrli ikkinchi o‘rinda yakunladi va bu borada o‘zining barcha jahon chempionatlaridagi natijasini yaxshilashga erishdi. Umumjamoa hisobida uchinchi o‘rin Qozog‘iston terma jamoasiga nasib etdi.
Shu paytga qadar o‘zbekistonlik bokschilar ikki marta 2001 yili Belfast (Shimoliy Irlandiya) hamda 2009 yili Milan (Italiya) shaharlari mezbonlik qilgan jahon chempionatilarida umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egallashgandi.
Bu safar esa o‘zbek boksi tarixida birinchi marta terma jamoa jahonning ikkinchi jamoasi sifatida qayd etildi.
Manba: www.olympic.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar