Hayot haqiqatiga munosabat nuqtai nazaridan olsak, odamlar ikki toifaga bo‘linadilar.
Ya’ni har qancha alamli, afsuslanarli bo‘lsa hamki, mavjud reallikni qabul qiladiganlar va ma’lum manfaat ilinjida haqiqatdan tonadiganlar guruhiga. Futbol dunyosi shu ikki o‘rtada yonib-qovurilmoqda.
Oliy liga 26-turidan o‘rin olgan «Navbahor» - «Buxoro» va «Paxtakor» - «Bunyodkor» uchrashuvlariga munosabat mazkur xulosaning yaqqol isbotidir.
Namangandagi futbolga muxlislik masalasini hamisha fenomen hodisa sifatida baholaganmiz va shu pozitsiyada sobitmiz. Ochig‘i, muxlislikning namangancha ko‘rinishi odamlar fe’l-atvorida namoyon bo‘lishi dunyo miqyosida ham noyob voqelikdir.
Mana shunday ulkan muxlislik daryosi «Navbahor» uchun to‘lib-toshib oqadi, kerak bo‘lsa, qirg‘oqlarni buzib, o‘zanini o‘zgartiradi.
Oh, oh, bu daryo «Buxoro» ustidan qozonilgan qiyin g‘alabadan so‘ng qanchalar shodlanib to‘lqinlandi-ya?! Hammasini ta’riflashga til ojiz.
Shodon to‘lqinlanayotgan quvonch daryosiga boqib, faqat hayratlanasan kishi. Keling, shu o‘rinda namangancha muxlislik fenomeniga nisbatan tashbehni biroz o‘zgartiramiz.
Ta’bir joiz bo‘lsa, mahalliy muxlislar «Navbahor» - «Buxoro» uchrashuvi yakunini tippa-tik bezovta teraklar misoli kuzatdilar. Xo‘sh, ular nima uchun tippa-tik turdilar o‘yin oxirida? Hammani qanday bezovtalik oyoqqa turg‘azdi? Muxlislar nazarida vaqt to‘xtab qolgandek edi go‘yo.
Xullas, barcha-barcha final hushtagi yangrashini sabrsizlik bilan kutardi. Holbuki, haqiqiy muxlis chinakam futbol tomoshasi tugashini aslo istamaydi. «Navbahor» muxlislari esa uchrashuvning oxirgi lahzalarini jon hovuchlab o‘tkazishdi.
Ularning baxtiga jamoa bir amallab g‘alabani saqlab qoldi. Ha, bir amallab! Biroq bir amallashni o‘zi bo‘lmadi. «Lochinlar» o‘yin vaqtini cho‘zish - o‘tkazib yuborish, raqibni to‘psiz qoldirish va uni hujumdan chalg‘itish uchun har neki imkon bor, barini ishga solishdi.
Asosiysi, ular bu jarayonda iloji boricha qoidaga xilof ish tutmaslikka urinishdi. Oddiy ifoda etsak, jamoa bu ishni ham muvaffaqiyatli uddaladi hisob. Bo‘ldi! Shu bilan futbol tamom! Savol tug‘iladi: kimga kerak bunday o‘yin?
Shunday yo‘l bilan qozonilgan g‘alaba muxlisga shirin tatiydimi? «Buxoro»ni shu taxlit yenggan jamoani zohiran olqishlab, g‘alabani shavqsiz nishonlayotgan muxlis botinan 1996 yilgi chempionlarini qo‘msayotganiga ishonchimiz komil. Muxlis - ishonarli va fusunkor g‘alaba tarafdori.
Qarang, «MYU» - «Tottenxem» bahsidan so‘ng Antoni Martial nima sababdan «Men - asosiy tarkib futbolchisiman!», - deya o‘zidan ketdi va hech kim undan ranjimadi?
Chunki o‘yinda jangovar ruh sezilib turdi. Zaxiradan maydonga tushgan Jessi Lingard final hushtagi chalinishi arafasida yolg‘iz o‘zi Ugo Loris darvozasi tomon uchib bordi. Dastlabki daqiqadan to‘p sura boshlagan Kristian Eriksen esa uni quvib yetdi.
Ikkinchi golni qo‘yib yubormaslik mas’uliyati bois, charchoq yangi kuchdan ustun! Garchi Garri Keyn maydonga tushmagan bo‘lsada, 0:2 hisobi «Tottenxem» uchun adolatsizlik sanalardi.
Skandinavcha g‘ururga ega daniyalik yigit shu adolatsizlik bo‘y ko‘rsatishiga qarshi chiqdi va buning uchun o‘zida qo‘shimcha kuch topdi. «Navbahor» ham ustunlikni lochinlarga xos shiddatli o‘yin bilan himoya qilganida edi, biz boshqacharoq mulohaza bitardik.
Mayli, qaysidir futbol maktablarida raqib jarima maydonida maxsus ko‘rsatmalar asosida ish tutish, vaqtni ataylab cho‘zish saboqlari o‘rgatilaversin.
Futbol ularni na oqlaydi, na yoqlaydi. Bunday saboqlarga jiddiy qarash - milliy va futbol qadriyatlarimizga begona. Zero, futbol - kelajak avlodni tarbiyalovchi muhim vositalardan biri.
G‘irromlik, buzg‘unchilik yo‘li yordamida g‘alabaga intilish tamoyili - vayronkor g‘oya mahsuli. Bunday g‘oya barkamol avlod ongini buzadi. Futbol vayronkor g‘oyani targ‘ib qiluvchi, buzg‘unchi ongni shakllantiruvchi vosita bo‘lishini kim istaydi? Hech kim! Ongli, aql-hushli inson buni shubhasiz, qoralaydi.
Futbol muxlisasi Bibimayram Aliyeva to‘lqinlanib va xavotir ila so‘zlaydi: «Bilasizku, «Jumong» teleserialida bosh qahramon ko‘zi bog‘langan holda kamon o‘qini nishonga bexato uradi.
Men esa shunday holatda darvozani aniq nishonga oladigan yosh futbolchilarni bilaman. Ularga nima uchun imkon berilmaydi?
Nima uchun yosh iste’dodlar katta futbolga ma’lum mablag‘ evaziga yo‘llanma olishadi? Nima uchun hattoki, «dublyorlar» tarkibiga ham pulsiz kirish qiyin? Mana, test sinovlaridagi adolatsizliklar oldini olish uchun maxsus chora ko‘rilmoqda.
Yosh iste’dodlar yo‘lidagi adolatsiz to‘siqlar qachon olib tashlanadi? Men poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan oliy liga bahslarining barchasini tomosha qilish uchun stadionlarga boraman.
Qancha-qancha adolatsizliklarga shaxsan guvohman...». Bibimayramning so‘zlari - savollarini jimgina tingladik va unga bu muammolar bir necha bor yoritilganini ta’kidladik.
Bundan 3 haftacha avval O‘FF va Sport qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan qo‘shma qaror aynan shunday adolatsizlik ildiziga bolta urish maqsadini ko‘zlaydi.
Bu - kelajak uchun tashlangan qadam. Xo‘sh, bugunning ahvoli qanday kechadi? Adolat yo‘lida ravon yurishni istagan mashina chambaragini goho chetga burib yuborishmayaptimi? «Paxtakor» - «Bunyodkor» uchrashuvida Aziz Asimov va uning yordamchilari nima uchun qiynalishdi?
Hakamlar nega xavfli vaziyatlar markazi emas, aksincha, ulardan uzoqroqda turishni ma’qul ko‘rishdi? Nazarimizda, ular qandaydir bosim ostida harakatlanishdi va mas’uliyatdan o‘zlarini olib qochishga intilishdi.
Natijada xato ustiga xato qilaverishdi. Boshqacha aytganda, ularning xatolari - ruhiy besaramjonlik oqibati. Agar xotirjam ishlaganlarida, o‘yinni bu qadar qoniqarsiz boshqarishmasdi.
Hatto xayolimizdan o‘tdiki, o‘z qadrlarini biladigan yetakchi hakamlarimiz bosimdan qochib, bu bahsni boshqarishga ko‘nishmagandir?! Mabodo shunday bo‘lsa, ularning qarorlarini ma’qullamaymiz.
Negaki, chinakam jasoratli hakam maydonda har qanday bosimni chetga uloqtiradi. Ravshan Ermatov yoki Valentin Kovalenko - muxlislar tasavvurida shunday hakamlardir. Aziz Asimov esa bu uchrashuv asnosida kelgusi faoliyati uchun eng muhim saboqni oldi, bizningcha.
Yana bir mulohaza. Kamoliddin Tojiyev «ofsayd»dan gol urganini o‘sha lahzada sezganmi yoki sezmagan? O‘yindan tashqari holatda turganini bilsayu, hakam hushtagi yangramasa, futbolchi gol urishi kerakmi yoki yo‘q?
Muhtaram muxlis, yuqoridagi savollarning javobi bahsli ekanligi har kimga ayon. Sport, xususan, futboldagi ma’lum qonuniyat bois, bahslar davom etaveradi. Ammo unutmaylik-ki, maydonlarda yozilmagan adolat qonunlari ustuvor bo‘lsagina futbolimiz rivojlanadi.
Buning uchun Aziz Asimov kabi hakamlar va Kamoliddin Tojiyev singari futbolchilardan noodatiy qarorlar chiqarish talab etiladi...
Muhammad Vali
Manba: www.iff.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi